Yosh terma jamoa dzyudochilari Jahon chempionatining 3-kunida 2 tasi oltin, jami 3 ta medalni qo‘lga kiritdi
ANQARA (AA) — Turkiya terma jamoasi sportchilari O‘zbekistonda bo‘lib o‘tayotgan yoshlar o‘rtasidagi Jahon chempionatida 2 ta oltin va 1 ta kumush, jami 3 ta medalga sazovor bo‘ldi.
Turkiya dzyudo federatsiyasi bergan ma’lumotga ko‘ra, poytaxt Toshkentda o‘tkazilayotgan musobaqaning 3-kunida yakkalik bahslari bo‘lib o‘tdi.
Turkiya vakili Tuana Gulenay ayollar o‘rtasida 78 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida chorak finalda yaponiyalik Kokoro Otavani, yarim finalda sloveniyalik Neza Xladnikni, finalda esa rossiyalik Kristina Konovalovani mag‘lub etib, chempionlikni qo‘lga kiritdi.
Erkaklar o‘rtasida +100 kilogramm vazn toifasida kurash olib borgan Ibrohim Tataro‘g‘li esa chorak finalda o‘zbekistonlik Fazliddin Rafikovni, yarim finalda qozog‘istonlik Adiljan Jaudinovni yengib, finalga yo‘l oldi. Hal qiluvchi bahsda ozarbayjonlik Ramazon Ahmadov ustidan g‘alaba qozongan sportchi oltin medalga ega chiqdi.
Yosh dzyudochi Amir Salim Ari esa erkaklar o‘rtasida 90 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida chorak finalda eronlik Sepehr Noruzizivehni, yarim finalda rossiyalik Abdula Suleymanovni mag‘lub etib, finalga chiqdi. Finalda qirg‘izistonlik Daniyor Melisovga imkoniyatni boy bergan Amir Salim chempionatni kumush medal bilan yakunladi.















