Rossiya bilan Xitoy, AQSh hamda uning ittifoqchilari tomonidan Arktika mintaqasining tobora ko‘proq harbiylashtirilayotganidan xavotirda ekanini bildirdi.
Vladimir Putin bilan Si Szinpinning Pekindagi uchrashuvi ortidan e’lon qilingan qo‘shma deklaratsiyada, Arktika davlatlarining mustaqilligi va hududiy yaxlitligiga hurmat ko‘rsatish muhimligi ta’kidlandi. Ikki davlat o‘rtasidagi keng ko‘lamli strategik muvofiqlashtirishni rivojlantirish hamda yaxshi qo‘shnichilik va do‘stona hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan deklaratsiyada Arktika “tinchlik, barqarorlik va past harbiy -siyosiy taranglik hududi” sifatida saqlanishi kerakligi qayd etildi. Qo‘shma bayonotda: «Tomonlar Amerika Qo‘shma Shtatlari va uning ittifoqchilari tomonidan yuqori kengliklarning harbiylashtirilayotganidan xavotirda ekanliklarini bildiradi va Arktikada xalqaro huquq normalariga sodiqligini tasdiqlaydi» - deyiladi.
Global munosabatlarda «o‘rmon qonuni» ogohlantirishi
Deklaratsiyada xalqaro munosabatlarda «o‘rmon qonunlari»ga qaytishdan ogohlantirilib, gegemonik amaliyotlar, bir tomonlama sanksiyalar va mustaqil davlatlarning ichki ishlariga tashqi aralashuvlarga qarshi chiqildi.
Terrorizm Afg‘onistan va mintaqa uchun jiddiy tahdid ekani ta’kidlanib, xalqaro hamjamiyat Kobul ma’muriyati bilan terrorizmga qarshi hamkorlikni kuchaytirishga chaqirildi. Moskva bilan Pekin, Shanhay Hamkorlik Tashkiloti hamda boshqa ko‘p tomonlama platformalar orqali Afg‘oniston masalasida muvofiqlashtirishni kuchaytirish masalasi ustidan kelishib oldi.
«AQSh va Isroilning hujumlari barqarorlikka putur yetkazmoqda»
Deklaratsiyada AQSh va Isroilning Eronga qarshi harbiy hujumlari xalqaro huquqni buzayotgani va Yaqin Sharqdagi barqarorlikka jiddiy ziyon yetkazayotgani bildirildi. Tomonlar keskinlikning kuchayishini oldini olish maqsadida barcha tegishli tomonlarni muloqot stoliga qaytishga chaqirdi.
Ikki davlat G‘azoda butunlay sulh o‘rnatilishini qo‘llab - quvvatlashini yana bir bor bildirar ekan, Falastin muammosi ikki davlatli yechim asosida, mustaqil Falastin davlatini tashkil etish orqali adolatli va keng ko‘lamli tarzda hal qilinishi kerakligini ta’kidladi.
Bayonotda Suriya mustaqilligi va hududiy yaxlitligini qo‘llab - quvvatlash qayd etilib, Suriya o‘tish hukumati terrorizm va ekstremizmning barcha shakllariga qarshi qat’iyat bilan kurashishi kerakligi bildirildi.
Deklaratsiyada Afrika qit’asining XXI asrdagi rivojlanish salohiyatiga ham to‘xtalib o‘tilib, Afrika ittifoqining «Kun tartibi 2063» strategiyasi qo‘llab - quvvatlanishi bildirildi.














