Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an 2026-yilgi NATO sammiti poytaxt Anqarada «muvaffaqiyatli» yakunlanganini ma’lum qildi. U mazkur yig‘ilishni Yevro-Atlantika mintaqasida xavfsizlik tahdidlari kuchaygan bir paytda alyansning kelajagini belgilashga xizmat qiladigan «tarixiy» voqea deb ta’rifladi.
«Mamlakatimizda 22 yil ichida ikkinchi, poytaxtimiz Anqarada esa ilk bor o‘tkazilgan NATO sammitini muvaffaqiyat bilan yakunladik», — dedi Erdo‘g‘an sammit yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida.
Davlat rahbari yig‘ilish Yevro-Atlantika xavfsizligi uchun o‘ta muhim pallada bo‘lib o‘tganini va alyans uchun uzoq muddatli ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. «Xavfsizlik tizimi sinovdan o‘tayotgan bir vaqtda mezbonlik qilganimiz ushbu tarixiy sammit umumiy kelajagimizni shakllantiradigan ruhda o‘tdi», — deya qayd etdi u.
F-35 bo‘yicha umidlar
Erdo‘g‘an AQSh rahbari Donald Trampning Turkiyaga F-35 qiruvchi samolyotlarini yetkazib berish masalasida «ijobiy yondashuv»da ekanini aytdi va AQShning Anqaraga nisbatan joriy etgan sanksiyalarining katta qismi bekor qilinganini eslatib o‘tdi. Prezident Turkiya beshinchi avlod qiruvchi samolyotlariga ega bo‘lishiga ishonch bildirdi.
«Tramp janoblari F-35 masalasida aslida Turkiyaga nisbatan ijobiy pozitsiyada. Umid qilamanki, F-35 samolyotlari Turkiyaga yetkazib berilganda, butun dunyo: “Amerika o‘z va’dasini bajardi”, deb e’tirof etadi», — dedi Erdo‘g‘an.
Shuningdek, Erdo‘g‘an Tramp Turkiyaning mahalliy KAAN qiruvchi samolyotlari uchun F110 dvigatellarini sotib olish jarayonini qo‘llab-quvvatlashini bildirganini ta’kidladi. «Dvigatellar masalasini Tramp janoblari bilan avval ham muhokama qilgan edim. U ijobiy munosabat ko‘rsatdi. Ishonchim komilki, bu borada hech qanday muammo yuzaga kelmaydi», — deya qo‘shimcha qildi u.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Tramp ma’muriyati yaqinda Kongressga qiymati 700 million dollardan ortiq bo‘lgan o‘nlab dvigatellarni Turkiyaga sotish taklifini kiritish niyatida ekanini ma’lum qilgan.
Global tinchlik tashabbuslari
Erdo‘g‘an Ukraina va Yaqin Sharqdagi urushlarni tugatish uchun diplomatik sa’y-harakatlarni kuchaytirishga chaqirdi va mintaqa bundan ortiq mojarolarni ko‘tara olmasligini ta’kidladi. Ukraina urushiga to‘xtalar ekan, u mojaro beshinchi yilga kirganini va katta yo‘qotishlar bilan davom etayotganini qayd etdi.
«Adolatli tinchlikda yutqazuvchilar bo‘lmaydi. Turkiya tomonlarni yana bir bor muzokaralar stoliga o‘tqazishga tayyor ekanini alohida ta’kidlamoqchiman», — dedi prezident.
Erdo‘g‘an, shuningdek, Isroilning G‘azodagi harakatlarini qoralab, «bosqinchilik va zulm to‘xtovsiz davom etmoqda», deb ta’kidladi. Mintaqaviy xavfsizlik masalasida esa Turkiya Hormuz bo‘g‘ozi barqarorligini ta’minlashga sodiq qolishini bildirib: «Biz o‘z zimmamizdagi vazifalarni bajaryapmiz va buni davom ettiramiz», — dedi hamda bo‘g‘ozning urush maydoniga aylanishiga yo‘l qo‘ymaslik zarurligiga urg‘u berdi.























