Turkiya, payshanba kuni (14.05.2026), isroillik bir vazirning noqonuniy yahudiy ko‘chmanchi guruhlar bilan birgalikda chorshanba kuni (13.05.2026) al - Aqso jome’ masjidiga bosqin uyushtirgan harakatlarini qoraladi.
Tashqi Ishlar vazirligi mavzu haqida bergan bayonotida: «Isroillik bir vazirning, yonidagi bir guruh ko‘chmanchilar bilan birgalikda al - Aqso jome’ masjidiga bostirib kirishini qoralaymiz», - deyiladi.
Bayonotda musulmonlar uchun muqaddas maskan bo‘lgan al - Aqso jome’ masjidining tarixiy va huquqiy maqomini buzuvchi bunday provokatsion harakatlar mintaqadagi keskinlik va beqarorlikni yanada chuqurlashtirish xavfini tug‘dirishi ta’kidlandi.
Shuningdek, bayonotda: «Falastin xalqining qonuniy huquqlarini himoya qilish va bosib olingan Sharqiy Quddus hamda muqaddas maskanlarga qarshi qonunbuzarliklarning oldini olish uchun xalqaro hamjamiyatni o‘z mas’uliyatini bajarishga yana bir bor chaqiramiz», - degan fikrlar bildirildi.
Negev va Jalila Ishlari vaziri Isxak Vasserlauf, ibroniy taqvimiga ko‘ra Isroilning 1967 - yili Sharqiy Quddusni bosib olganining yilligi nishonlanishidan ikki kun oldin, chorshanba kuni (13.05.2026) al - Aqso jome’ masjidi hududiga bostirib kirdi.
Vasserlauf, Milliy Xavfsizlik ishlari vaziri Itamar Ben - Gvir rahbarligida o‘ta o‘ng qanot ko‘z qarashdagi Otzma Yahudit partiyasining a’zosidir va avval ham Ben - Gvir bilan birga ushbu hududga kirgan; bu holat falastinliklar hamda musulmon va arab davlatlari tomonidan qoralangan edi.
Isroildagi o‘ta o‘ng qanot ko‘z qarashdagi guruhlar Sharqiy Quddusning 1967 - yildagi bosib olinishi yilligini nishonlash maqsadida jome’ masjidi majmuasiga yanada ko‘proq bostirib kirishlarga chaqirar ekan, payshanba kuni shaharda bayroqlar bilan yurish o‘tkazilishini rejalashtirdi.




















