Kolumbiyada harbiy samolyot halokatida 66 kishi halok bo'ldi

Kolumbiyada 114 nafar harbiy va 11 nafar ekipaj a'zosini tashiydigan Hercules C-130 rusumli samolyot Ekvador chegarasiga yaqin hududda halokatga uchradi.

By
Kolumbiya halokatga uchragan samolyotda 125 nafar harbiylar boʻlganini, koʻplar halok boʻlganidan xavotirda ekanligini maʼlum qildi. / AFP

Harbiy mulozimning AFP agentligiga bergan ma’lumotiga ko'ra, mamlakat janubida 125 kishi bo'lgan samolyot qulashi oqibatida kamida 66 kishi hayotdan ko'z yumdi, ko'plab insonlar jarohatlandi. Samolyot Puerto Leguizamo shahridan havoga ko'tarilganidan ko'p o'tmay halokatga uchragan va uning bo'laklari o'rmonzor bo'ylab sochilib ketgan.

General Karlos Fernando Silva Rueda samolyot bortidagilar sonini tasdiqladi. Rasmiy ma’lumotlarga ko'ra, hozirgacha 48 kishi qutqarilgan, 21 kishi esa hamon qidirilmoqda.

Prezident Gustavo Petro o'zining ilk bayonotida fojia sabablari hozircha noma’lumligini bildirdi. Mudofaa vaziri Pedro Sanches sodir bo'lgan mudhish voqeadan chuqur qayg'uda ekanini aytib, yaradorlarga yordam berish uchun maxsus guruh safarbar qilinganini ta’kidladi. Sanches ijtimoiy tarmoq orqali:

"Jabrlanganlarning oila a’zolariga samimiy ta’ziya izhor etaman va rasmiy ma’lumotlar chiqqunga qadar turli taxminlardan tiyilishingizni so'rayman", — deya murojaat qildi.

Voqea joyidan olingan tasvirlarda tutun va alanga ko'tarilayotgan o'rmon chetida odamlar samolyotning pachoqlangan dum qismi atrofida to'planganini ko'rish mumkin. Ushbu chegara hududi so'nggi haftalarda Kolumbiya va Ekvador kuchlarining narkokartellarga qarshi harbiy amaliyotlari tufayli ancha faol zonaga aylangan edi.

Bu Janubiy Amerikada oxirgi bir oy ichida C-130 Hercules samolyoti bilan bog'liq ikkinchi yirik halokatdir. 27-fevral kuni Boliviya harbiy yuk samolyoti La-Pas yaqinida qulab tushgan va 24 kishi halok bo'lgan edi. Lockheed Martin kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan to'rt motorli Hercules samolyotlari murakkab sharoitlarda qo'nish va uchish qobiliyati bilan mashhur bo'lib, butun dunyo armiyalari tomonidan keng qo'llaniladi.