Gretsiya Bosh vaziri Kiryakos Mitsotakis mamlakatining Turkiya bilan munosabatlari haqida: «Geografiyani o‘zgartira olmaymiz, yonma - yon yashash bizning taqdirimiz» — dedi.
Kiryakos Mitsotakis Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Bosh Assambleyasining 81 - sessiyasida so‘zlagan nutqida Turkiya - Gretsiya munosabatlariga ham to‘xtalib, «So‘nggi uch yil davomida munosabatlarimizni yaxshilash, ishonchni mustahkamlash va ehtimoliy keskinlikning istalmagan inqirozlarga olib kelishining oldini olish uchun muloqot kanallarini ochiq saqlash maqsadida tinimsiz faoliyat olib bormoqdamiz» — degan ifodalarga o‘rin berdi.
Mitsotakis Turkiya bilan Gretsiya o‘rtasidagi munosabatlar tarixning og‘ir yukini o‘zida mujassam etgan nozik munosabatlar ekanini ta’kidlab, mintaqaviy va keng ko‘lamli o‘zgarishlarni hisobga olgan holda qanday yo‘l tutish borasida zudlik bilan umumiy tushunishga ehtiyoj borligini bildirdi.
Ushbu tushunish xalqaro huquq va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlariga hurmat asosida bo‘lishi kerakligini qayd etgan Mitsotakis: «Ko‘p bor aytganimdek, geografiyani o‘zgartira olmaymiz, yonma - yon yashash bizning taqdirimiz» — dedi.
Mitsotakis Turkiya bilan Gretsiya o‘rtasidagi yagona kelishmovchilik maxsus iqtisodiy zona va kontinental shelf chegaralarini belgilash masalasi ekanini ilgari surib, BMTning Dengiz huquqi to‘g‘risidagi konvensiyasi ushbu muammolarni hal qilish uchun yagona institutsional asos ekanini ta’kidladi.
Kiryakos Mitsotakis Kipr masalasiga ham to‘xtalib, bu masala BMTning o‘z qarorlarini amalga oshirish qobiliyatini ko‘rsatishi nuqtayi nazaridan «lakmus qog‘ozi» ekanini ta’kidladi.
Gretsiya Bosh vaziri BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning ushbu masala bo‘yicha muzokaralarni qayta boshlashga qaratilgan sa’y - harakatlarini ham qo‘llab - quvvatlashlarini bildirdi.




















