TURKIYA
3 daqiqa o'qish
Turkiyaning Tbilisidagi elchisi Turkiya-Gruziya munosabatlariga baho berdi
Turkiyaning Tbilisidagi elchisi: Gruziyaning suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz
Turkiyaning Tbilisidagi elchisi Turkiya-Gruziya munosabatlariga baho berdi
Mustafa Türker Ari / TRT Özbekçe
 

Turkiyaning Tbilisidagi elchisi Ari Turkiya-Gruziya munosabatlariga baho berdi:

  • "Strategik sherikligimiz liderlar diplomatiyasi orqali rivojlanib borayotganidan har ikki mamlakat xalqlari mamnuniyat bildirayotganini kuzatmoqdamiz"

  • "Mamlakatimiz Gruziyaning xalqaro miqyosda tan olingan chegaralari doirasida suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini ikki tomonlama hamda ko‘p tomonlama platformalarda qo‘llab-quvvatlab kelmoqda"

ANQARA (AA) — Turkiyaning Tbilisidagi elchisi Mustafo Turker Ari Turkiya va Gruziya o‘rtasida yuqori darajadagi tashriflar kelgusi davrda ham davom etishini ta’kidlab: "Strategik sherikligimiz liderlar diplomatiyasi orqali rivojlanib borayotganidan har ikki mamlakat xalqlari mamnuniyat bildirayotganini kuzatmoqdamiz", — dedi.

Ari Turkiya-Gruziya munosabatlari yuzasidan "Anadolu" axborot agentligi (AA) muxbiriga intervyu berdi.

Elchining qayd etishicha, so‘nggi paytlarda Turkiya va Gruziya o‘rtasida yuqori darajadagi uchrashuvlar faollashgan: xususan, sentyabr oyida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi ishi doirasida Gruziya Bosh vaziri Irakli Kobaxidze Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an tomonidan qabul qilingan.

Shuningdek, Ari Turkiya mezbonligida Antaliyada bo‘lib o‘tgan COP31 sammiti doirasida Prezident Erdo‘g‘an va Gruziya Prezidenti Mixeil Kavelashvili uchrashganini eslatib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, muzokaralarda munosabatlarning strategik jihati alohida urg‘ulangan va erishilgan darajadan mamnuniyat izhor etilgan.

Ikki davlat o‘rtasidagi oliy darajadagi almashinuvlar keyingi davrda ham davom etishini bildirgan Ari: "Strategik sherikligimiz liderlar diplomatiyasi orqali rivojlanib borayotganidan har ikki mamlakat xalqlari mamnuniyat bildirayotganini kuzatmoqdamiz", — deya fikr bildirdi.

Iqtisodiy va savdo aloqalari

Ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy va savdo munosabatlari kundan-kunga rivojlanib borayotganini ta’kidlagan elchi, turkiyalik ishbilarmonlarning Gruziyaga qiziqishi yuqoriligicha qolayotganini aytib, so‘zini bunday davom ettirdi:

"Ikki aniq misol keltiray. O‘tgan hafta davomida Elektr va elektronika eksportchilari uyushmasi delegatsiyasi Gruziyaga tashrif buyurdi. Undan avvalgi haftada esa Samsundan savdo delegatsiyamiz Tbilisida uchrashuvlar o‘tkazdi. Ishbilarmonlarimiz Gruziyada o‘tkazilayotgan ko‘rgazmalarda ishtirok etmoqda. Gruziyadagi qulay iqtisodiy muhit tadbirkorlarimiz uchun muhim imkoniyatlar yaratmoqda. Investitsiyalar va savdo hajmini oshirish nuqtai nazaridan ishbilarmonlarimizning Gruziyadagi hamkasblari bilan tez-tez aloqa o‘rnatishini maqsadga muvofiq deb bilaman. Shu munosabat bilan Tbilisidagi elchixona sifatida ham axborot almashish, ham aloqalarni yo‘lga qo‘yish borasida zarur bo‘lgan barcha tashabbus va ko‘makni ko‘rsatishga tayyormiz."

"Abxaziya izolyatsiyasiga barham berish tashabbusi" va hududiy barqarorlik

"Abxaziya izolyatsiyasiga barham berish tashabbusi"ning so‘nggi davrdagi faoliyati kontekstida Turkiya-Gruziya munosabatlarining joriy holatini baholar ekan, Ari Turkiya Gruziya 1991-yilda mustaqilligini qayta tiklaganidan keyin uni birinchilardan bo‘lib tan olgan davlatlar qatorida ekanini yodga soldi.

Gruziya Turkiyaning strategik hamkori, yaqin qo‘shnisi va azaliy do‘sti ekanini qayd etgan elchi quyidagilarni ta’kidladi:


"Mamlakatimiz Gruziyaning xalqaro miqyosda tan olingan chegaralari doirasida suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini ikki tomonlama hamda ko‘p tomonlama platformalarda qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Mamlakatimizning bu boradagi prinsipial pozitsiyasi o‘zgarishi mumkin emas. 1999-yilgi Istanbul muzokaralariga ham mezbonlik qilgan davlatimiz Janubiy Kavkazdagi nizolarni hamisha tinch yo‘l bilan hal etish tarafdori bo‘lib kelgan."