SIYOSAT
2 daqiqa o'qish
Eron urushidan beri ko‘rfazlik liderlar ilk bor uchrashuv o‘tkazmoqchi
AQSh bilan Eron 8 - aprel kuni o‘t ochishni to‘xtatish masalasi ustidan kelishib oldi va ana shundan beri hujumlar kamaydi ammo Ko‘rfaz poytaxtlari mojaroning yana avj olishidan xavotirda.
Eron urushidan beri ko‘rfazlik liderlar ilk bor uchrashuv o‘tkazmoqchi
_

Saudiya Arabistoni seshanba kuni Jiddada Ko‘rfaz hamkorlik kengashining favqulodda sammitiga mezbonlik qiladi. Ushbu uchrashuv, ikki oy avval Ko‘rfaz davlatlari Eron bilan yuzaga kelgan urush markaziga aylanganidan buyon mintaqa yetakchilarining birinchi yuzma - yuz uchrashuvi sifatida qayd etilmoqda.

Ismini oshkor etishni istamagan Ko‘rfaz rasmiylaridan biriga ko‘ra, yig‘ilishning asosiy maqsadi – joriy yilning 28 - fevrali kuni AQSh bilan Isroilning Eronga qarshi hujumlar uyushtira boshlashi ortidan Eron tomonidan Ko‘rfaz davlatlariga yo‘naltirilgan minglab raketa va insonsiz havo transporti vositalari zarbalariga nisbatan umumiy javob choralarini ishlab chiqishdir.

Urush natijasida Ko‘rfaz hamkorlik kengashiga (KHK) a’zo oltita davlatning barchasida muhim energetika infratuzilmasi ziyon ko‘rdi; AQSh bilan bog‘liq kompaniyalar, boshqa harbiy bo‘lmagan obyektlari hamda harbiy inshootlar ham nishonga olindi.

AQSh bilan Eron 8 - aprel kuni o‘t ochishni to‘xtatish masalasi ustidan kelishib oldi va ana shundan beri hujumlar kamaydi ammo Ko‘rfaz poytaxtlari mojaroning yana avj olishidan xavotirda. AQSh bilan Eron o‘rtasida mojaroni butunlay yakunlash bo‘yicha olib borilayotgan muzokaralar esa hali hanuz natija bermadi.

Tegishli davlatlarning rasmiy axborot agentliklari tomonidan xabar berilishicha Qatar amiri, Quvayt valiahd shahzodasi va Bahrayn qiroli sammitda ishtirok etadi. Kengash shtab - kvartirasiga mezbonlik qilayotgan Saudiya Arabistoni bilan birga, boshqa a’zolar — Ummon va Birlashgan Arab Amirliklari nomidan kimlar ishtirok etishi esa hozircha noma’lum.

«Javoblar yetarli emas»

Ko‘rfaz hamkorlik kengashi (KHK) urushga nisbatan sust munosabat bildirgani uchun BAA tomonidan tanqid qilindi.

BAAning oliy darajali rasmiylaridan Anvar Gargash dushanba kuni mamlakatda o‘tkazilgan konferensiyada shunday dedi: «Logistika nuqtayi nazaridan KHK davlatlari bir - birini qo‘llab - quvvatlayotgani rost ammo siyosiy va harbiy jihatdan ularning pozitsiyasi tarixdagi eng zaifi edi. Men Arab davlatlari ligasidan bunday sust pozitsiyani kutgandim va adashmadim ammo KHKdan buni kutmagandim va bundan hayratdaman».

Bu bayonotlar BAAda Eronning minglab raketa va insonsiz havo transporti hujumlariga nisbatan kollektiv siyosiy va harbiy javob yetarli emasligi borasida kengash ichida ortib borayotgan norozilikni aks ettiradi. Bu hujumlar a’zo oltita davlatning barchasida energetika infratuzilmasi va fuqarolik obyektlariga ziyon yetkazgan.