Britaniya AQShning harbiy bazalardan foydalanish talabini qabul qildi
Buyuk Britaniya AQShga bazalardan cheklangan mudofaa doirasida foydalanishga ruxsat berdi.
Buyuk Britaniya Bosh vaziri Keir Starmer Fors ko‘rfazi mintaqasida Eron tomonidan raketa hujumlari kuchayganidan so‘ng bayonot bilan chiqdi. U mamlakati harbiy bazalarini AQShga aniq va cheklangan mudofaa maqsadlarida foydalanish uchun taqdim etishini ma’lum qildi.
Starmer yakshanba kuni (01.03.2026) bergan bayonotida shunday dedi: «Amerika Qo‘shma Shtatlari ushbu aniq va cheklangan mudofaa maqsadi uchun Britaniya bazalaridan foydalanishga ruxsat so‘radi. Eronning mintaqaga raketa uchirishi, begunoh tinch aholini o‘ldirishi, britaniyalik fuqarolarning hayotini xavf ostiga qo‘yishi va jarayonga aloqasi bo‘lmagan davlatlarni nishonga olishini oldini olish uchun biz bu talabni qabul qilishga qaror qildik».
Starmer, Britaniya qarorining asosi uzoq yillik do‘st va ittifoqchilarning kollektiv qonuniy mudofaasi hamda britaniyalik fuqarolarni himoya qilish ekanini ta’kidladi. U, «Britaniyaning Eronga qarshi uyushtiriluvchi hujumlarda ishtirok etmaslik haqidagi qarori ongli ravishda tanlab olindi. Ayniqsa, mintaqa va dunyo uchun eng yaxshi yo‘l muzokaralar orqali yechim topish ekaniga ishonganimiz sababli», - dedi.
«Mudofaa harakati»
Britaniya hukumatining rasmiy veb - saytida e’lon qilingan alohida bayonotda mamlakatning huquqiy pozitsiyasiga e’tibor qaratildi.
Starmerning aytishicha, Eron tahdidini to‘xtatishning yagona yo‘li — raketalarni o‘z o‘rnida, omborlarda yoki ularni uchirish uchun ishlatiladigan qurilmalarda yo‘q qilishdir.
Yakshanba kuni (01.03.2026) erta tongda Fransiya, Germaniya va Buyuk Britaniya tomonidan qo‘shma bayonot berildi. Unda, zarurat tug‘ilganida Fors ko‘rfazidagi manfaatlari va ittifoqchilari manfaatlarini himoya qilishga tayyor ekanliklari hamda Eronga qarshi mudofaa harakati amalga oshirilishi mumkinligi ma’lum qilindi.
Starmerning so‘zlariga ko‘ra ziyon ko‘rgan hududlarda yashovchilardan tortib ta’tilga kelgan oilalar va sayohatchilargacha kamida 200 ming nafar britaniyalik fuqaro mavjud. U ushbu fuqarolarni ro‘yxatdan o‘tishga va Tashqi Ishlar vazirligining sayohat ogohlantirishlarini kuzatib borishga chaqirdi. Ogohlantirishda Bahrayn, Quvayt, Qatar va Birlashgan Arab Amirliklarida bo‘lgan britaniyaliklarga zudlik bilan turgan joyida boshpana olish tavsiya etildi.
Starmer, Erondan kelayotgan tahdid Buyuk Britaniya Qurolli kuchlarini ham xavf ostiga qo‘yayotganini ta’kidladi.