Fon der Lyayen Daniyadagi ukrainalik repchiga suiqasd rejasi haqidagi iddaolarga munosabat bildirdi.
BRYUSSEL (AA) — Yevropa Komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen Daniyada Rossiya razvedka xizmatlari tomonidan uyushtirilgani da’vo qilinayotgan AQSH va Ukraina fuqaroligiga ega repchiga suiqasd urinishini keskin qoraladi.
Fon der Lyayen AQSHning X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida e’lon qilgan bayonotida Daniyada AQSH-Ukraina fuqarosiga qarshi suiqasd urinishi Rossiya razvedka xizmatlari tomonidan tashkil etilganini ma’lum qildi.
Buni Yevropa Ittifoqi hududidagi hujum deb baholagan fon der Lyayen shunday dedi:
"Buni qabul qilib bo‘lmaydi. Biz Daniya va Rossiyaning gibrid hujumlari nishoniga aylangan barcha a’zo davlatlar bilan to‘liq birdammiz. Birimizga qilingan hujum — Ittifoqimizga qilingan hujumdir."
Rossiyaning gibrid tahdidlari tobora yaqqolroq namoyon bo‘layotganini ta’kidlagan fon der Lyayen: "Harakatga o‘tish uchun tezkor javob guruhlaridan tortib, aybdorlarga nisbatan sanksiyalar qo‘llashgacha bo‘lgan turli vositalarga egamiz", — deya qayd etdi.
Yevropa Ittifoqining tayyorgarlik va tiyib turish salohiyatini mustahkamlash maqsadida yaqin orada yangi Yevropa xavfsizlik strategiyasini taklif qilishlarini bildirgan fon der Lyayen so‘zini davom ettirdi:
"Shuni ochiq aytmoqchimanki, agar Rossiya Ukrainaga ko‘rsatayotgan yordamimizni zaiflashtirishni maqsad qilgan bo‘lsa, buning mutlaqo aksiga erishadi. Qat’iyatimiz yanada kuchayadi."
Daniyadagi suiqasd rejasi haqidagi da’volar
Daniyaning DR jamoat teleradiokompaniyasi kecha e’lon qilgan xabarida 25-sentyabr kuni Sharlottenlund shahrida konsert berishi rejalashtirilgan ukrainalik repchi Kyivstonerga qarshi hujum tayyorlanganini ma’lum qilgan edi.
Xabarda ikki nafar Daniya fuqarosi Rossiya razvedka xizmati topshirig‘i bilan ukrainalik repchiga hujum uyushtirishni rejalashtirgani, gumonlanuvchilar konsert oldidan qo‘lga olingani va ularning avtomobilidan qurol topilgani aytilgan.
Sentyabr oyidan beri hibsda saqlanayotgan ikki gumonlanuvchining Lyungbyu tuman sudida bo‘lib o‘tgan sud majlisida hujum rejasiga oid tafsilotlar ochiqlangani bildirilgan.
Daniya Tashqi ishlar vaziri Lars Lyokke Rasmussen esa ushbu voqealar ortidan Rossiyaning Kopengagendagi elchixonasi harbiy attashesini mamlakatdan chiqarib yuborishga qaror qilinganini e’lon qilgan edi.
Shuningdek, Rasmussen Rossiya fuqarolariga nisbatan viza cheklovlari joriy etilishini va Rossiya bilan aloqador kemalarni qabul qilmaslik bo‘yicha choralar ko‘rilishini ham ma’lum qilgan.















