YANGI SURIYA
2 daqiqa o'qish
Suriya Rossiya bazalari bo‘yicha kelishuvga erishdi
Suriya bilan Rossiya o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra Hmeymim aeroporti bilan Tartus portidagi 4 - tijorat yo‘lakchasi bosqichma - bosqich harbiy bo‘lmagan yoki fuqarolik boshqaruviga topshiriladi.
Suriya Rossiya bazalari bo‘yicha kelishuvga erishdi
_

Suriya Hmeymim va Tartusdagi Rossiya harbiy bazalarining kelajagi borasida Tashqi Ishlar vazirligining Moskva bilan bir yarim yil davomida olib borgan muzokaralari yakunida kelishuvga erishilganini ma’lum qildi.

Suriya rasmiy axborot agentligi SANA Tashqi Ishlar vazirligining Matbuot va kommunikatsiyalar departamenti bayonotiga tayanib xabar berishicha, kelishuv doirasida Suriya sohilidagi Rossiya o‘rnini qayta tashkil etish jarayoni boshlanadi.

Xabarda fuqarolik obyektlarini boshqarish Suriya tomoniga topshirilishi, Hmeymim aeroporti hamda Tartus portidagi 4 - tijoriy yo‘lakchasi yoki pristan bosqichma - bosqich harbiy bo‘lmagan yoki fuqarolik boshqaruviga o‘tkazilishi qayd etildi.

Shuningdek, Rossiyaga tegishli harbiy xarakterdagi baza va obyektlarning faoliyatini qayta tashkil etish borasida ham kelishuvga erishilgani bildirildi. Ushbu bazalar Suriya va Rossiyaning qo‘shma ta’lim va harbiy mashg‘ulot markazlariga aylantirilishi aytildi.

Yangi tartiblar tomonlarning o‘zaro manfaatlarini himoya qiladigan tarzda amalga oshirilishiga e’tibor qaratilgan bayonotda, anglashuv memorandumida transformatsiya jarayonini yakunlash uchun ko‘pi bilan 3 oylik muddat belgilanganligi va shundan so‘ng yangi tartiblar kuchga kirishi ma’lum qilindi.

Rossiya 2015 - yili ag‘darilgan Bashar al - Asad rejimining talabi bilan Suriyaga harbiy aralashuv amalga oshirib, Hmeymim va Tartusda harbiy bazalar tashkil etgan edi. Suriya ichki urushi davrida tinch aholi yashaydigan hududlarga qarshi uyushtirilgan yuzlab hujum ushbu bazalardan uchgan Rossiya samolyotlari tomonidan amalga oshirilgan.

Asad rejimi 2024 - yilning dekabr oyida ag‘darilganidan so‘ng, Rossiya bilan Suriyaning yangi hukumati ushbu harbiy bazalarning kelajagi borasida muzokaralarni boshlagan edi.