G'azoda o't ochishni to'xtatish tartibi buzilmoqda
Mas'ullarning bildirishicha, o't ochishni to'xtatish kelishuvidan keyin kamida 716 falastinlik va 1968 kishi jarohatlangan. G'azo esa Isroil tomonidan doimiy ravishda kelishuv buzilishiga duch kelmoqda.
Sog'liqni saqlash manbalari xabar berishicha, 2025-yilning oktabridan buyon amalda bo'lgan kelishuvning navbatdagi buzilishi natijasida Isroil hujumi oqibatida G'azoda bir Falastinlik hayotdan ko'z yumdi, besh kishi yaralandi. Manbalarga ko'ra, G'azo sektori bo'ylab bir qancha hududlarni nishonga olgan hujumlarda yaralanganlar orasida bolalar ham bor. Guvohlarning aytishicha, Isroil kuchlari G'azo shahrining sharqidagi Shujoiyya mahallasi va janubdagi Xon Yunis shahri kabi turli nuqtalarda o't ochgan.
G'azo Sog'liqni saqlash vazirligi ma'lumotiga ko'ra, kelishuv kuchga kirganidan beri kamida 716 falastinlik halok bo'lgan va 1968 kishi jarohatlangan.
Tibbiy manbalar va guvohlarning so'zlariga ko'ra, so'nggi 24 soat ichida G'azo shahrining sharqida bir guruh falastinliklar Isroilning uchuvchisiz uchish qurilmasi (dron) nishoniga aylanishi natijasida yana uch kishi vafot etdi, ko'plab falastinliklar yaralandi. Tibbiy manbalar At-Tuffah mahallasiga uyushtirilgan hujumdan so'ng qurbonlar G'azo markazidagi Ahli Baptist shifoxonasi hamda g'arbdagi Shifo shifoxonasiga yetkazilganini bildirdi. Guvohlarning qayd etishicha, hujum Ash-Shava maydoni yaqinidagi falastinlik xavfsizlik xizmati xodimlariga zarba bergan.
Shanba kuni erta tongda G'azo markazida bir avtomobil Isroil droni bilan urilishi oqibatida bir falastinlik o'lgan, uch kishi yaralangan edi.
Davom etayotgan Isroil hujumlari mintaqadagi to'qnashuvlarni to'xtatishga qaratilgan kelishuvning buzilishi deb baholanmoqda. Mazkur kelishuv G'azoda 72 mingdan ortiq kishining o'limi va 172 ming kishining jarohatlanishiga sabab bo'lgan ikki yillik Isroil qirg'inini tugatishi kerak edi.
Urush, shuningdek, G'azo sektoridagi fuqarolik infratuzilmasining qariyb 90 foizini vayron qildi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti qayta tiklash xarajatlari taxminan 70 milliard dollarni tashkil etishini taxmin qilmoqda.