Hindiston Rossiyadan o‘z fuqarolarini Ukraina urushiga chaqirishni to‘xtatishni talab qildi
Yangi Dehli ma'muriyati o‘z fuqarolarining Rossiya tomonidan Ukraina urushiga chaqirilishidan bezovta.
Hindiston bugun (11.09.2025) bergan bayonotida, Rossiyadan o‘z fuqarolarini harbiy xizmatga jalb qilishni to‘xtatishni va Ukrainadagi urush paytida chaqirilganlarni ozod etishni talab qilganini ma’lum qildi.
Bu bayonot, Hindiston ommaviy axborot vositalarida ko‘payib borayotgan va hind fuqarolarining Ukrainada jang qilish uchun Rossiya harbiylari safiga qo‘shilayotgani haqidagi xabarlardan keyin qayd etildi.
Hindiston Tashqi Ishlar vazirligi Matbuot xizmati kotibi Randhir Jaisvalning aytishicha, hukumat o‘tgan yil davomida bunday harakatning xavf - xatarlari va tahlikalari haqida ogohlantirib, o‘z fuqarolarini ehtiyot bo‘lishga chaqirgandi.
Jaisval mavzu haqida bugun bergan bayonotida: «Bu mavzuni ham Dehli hamda Moskvada rus rasmiylari bilan muhokama qildik. Bu amaliyotning to‘xtatilishi va fuqarolarimizning ozod etilishini talab qildik», - dedi.
Vazirlik: «Barcha Hindiston fuqarolarini Rossiya armiyasiga qo‘shilish takliflaridan tiyilishga chaqiramiz, chunki bu xavfli yo‘ldir», - deya yurtodshlarini ogohlantirdi.
Ko‘p hindlar bedarak yo‘qolgan vaziyatda
Joriy yilning iyul oyida Hindiston parlamentiga Rossiya Qurolli kuchlari tarkibida 127 nafar hindistonlik fuqaro borligi, ulardan 98 nafarining xizmati Hindiston va Rossiya hukumatlari o‘rtasida davom etayotgan aloqalar natijasida to‘xtatilgani haqida xabar berilgandi.
Vazirlik, Rossiya Qurolli kuchlari tarkibida qolgan 13 nafar hindistonlik fuqarodan 12 nafarining Rossiya tomonidan bedarak yoʻqolgani haqida ma’lumot berilganiga e’tibor qaratdi.
Joriy yilning mart oyida Hindiston hukumati davom etayotgan mojarolar chog‘ida 12 nafar Hindiston fuqarosi halok bo‘lgani haqida ma’lumot bo‘lishgandi.
Rossiya avvalroq Hindiston fuqarolari harbiy xizmatga chaqirilmasligiga kafolat berishiga qaramay, bunday holatlar hali ham uchramoqda. 2022 - yilning fevral oyida boshlangan urushda ko‘plab Hindiston fuqarosiga noto‘g‘ri yo‘l ko‘rsatilib, Rus Qurolli kuchlarining oldingi saflarida xizmat qildi va ba'zilari qurbon bo‘ldi.