AQSh Janubiy Afrikada o‘tkaziladigan G20 sammitini boykot qiladi
AQSh Prezidenti Donald Tramp, “inson huquqlari buzilishi” davom etayotgan bir paytda, hech bir AQSh hukumati vakili Janubiy Afrikada bo‘lib o‘tadigan G20 sammitida ishtirok etmasligini ma’lum qildi.
Tramp, noyabr oyida Janubiy Afrikada o‘tkaziladigan G20 sammitiga hech bir AQSh rasmiylari qatnashmasligini e’lon qilib, mamlakatda “oq tanlilar tizimli ravishda o‘ldirilayotgani va qirg‘in qilinayotgani” haqidagi ilgari rad etilgan iddaolarni yana kun tartibiga olib chiqdi.
U o‘zining Truth Social platformasida yozgan bayonotida shunday dedi:
“G20 sammitining Janubiy Afrikada o‘tkazilishi mutlaq uyatdir. Bu inson huquqlarining buzilishi davom etar ekan, hech bir AQSh hukumati vakili qatnashmaydi.”
Tramp, sentyabr oyida qilgan bayonotida sammitga o‘zi emas, balki vitse-prezident JD Vance qatnashishini aytgan edi. AQSh Prezidenti, 2026-yilgi sammitni Mayamidagi golf majmuasida o‘tkazishni rejalashtirmoqda.
Tramp chorshanba kungi chiqishida Janubiy Afrikani G20 tarkibidan chiqarish kerakligini aytib, noyabr oyida o‘tkaziladigan Johannesburg sammitiga bormasligini tasdiqladi.
U Mayamida bo‘lib o‘tgan Amerika Ish Forumidagi nutqida shunday dedi:
“Janubiy Afrika endi G-lar ichida ham bo‘lmasligi kerak. Chunki bu mamlakatda yomon narsalar sodir bo‘lyapti.”
Tramp 22–23 noyabr kunlari rejalashtirilgan G20 Johannesburg sammiti haqida gapirib,
“Men bormayman… mamlakatimizni u yerda ifodalamayman. Sammit u yerda bo‘lmasligi kerak,”
— dedi.
Tramp, Janubiy Afrikani yerlarni tortib olishda va muayyan qatlamlarga nisbatan yomon munosabatda bo‘lishda ayblab, buni “katta inson huquqlari buzilishi” deb atadi.
U fevral oyida 14204-sonli Prezident farmonini imzolab, federal idoralarga “irqiy kamsitishdan jabr ko‘rgan oq tanli janubiy afrikalik afrikaanerlarni joylashtirishni osonlashtirish” va Janubiy Afrikaga beriladigan AQSh yordamlarini to‘xtatish bo‘yicha topshiriq berdi.
Janubiy Afrika hukumati esa Trampning iddaolarini rad etib, ularning “haqiqatga asoslanmagan faraz” ekanini bildirdi.