Rossiya Kiyevdagi chet elliklar va diplomatlarni Ukrainani tark etishga chaqirdi: "O‘zingizni o‘lim xavfiga qo‘ymoqdasiz"
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Kiyevda bo‘lib turgan xorijiy fuqarolar va diplomatlarni Ukraina poytaxtini zudlik bilan tark etishga va bu mamlakatga safar qilmaslikka chaqirdi. Mahalliy aholiga esa harbiy va ma'muriy obyektlardan uzoqroq turish maslahat berildi.
Rossiya TIV rasmiy bayonotida Moskva Kiyev va Ukrainaning boshqa shaharlaridagi harbiy infratuzilmalarga qarshi muntazam zarbalar berishda davom etishini ma'lum qildi. Vazirlik bu amaliyotlarni rossiyalik tinch aholi va infratuzilmaga qarshi uyushtirilgan "terroristik harakatlarga" bevosita javob qaytarish deb baholagan.
"Rossiya Tashqi ishlar vazirligi yana bir bor xorijiy fuqarolarni, shu jumladan diplomatik vakolatxonalar xodimlarini Ukrainada qolmaslik va u yerga safar qilmaslik haqida ogohlantiradi. Ushbu ogohlantirishni e'tiborsiz qoldirganlarning istalgan salbiy oqibatlari uchun to‘liq javobgarlik ularning o‘z zimmalariga yuklanadi", — deyiladi bayonotda.
Ogohlantirishlar bir necha bor takrorlangan
Vazirlikning bildirishicha, ushbu ko‘rsatma dastlab 25-maydagi bayonotda va rasmiy diplomatik notalarda batafsil bayon etilgan. Keyinchalik, 27-may kuni vazir o‘rinbosari Mixail Galuzin diplomatik korpus uchun o‘tkazilgan brifingda bu ogohlantirishni yana bir bor takrorlagan.
Moskva, shuningdek, AQSh, Buyuk Britaniya, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, Norvegiya va Shveytsariya kabi qator G‘arb davlatlari ham o‘z fuqarolariga Ukrainaga borishdan tiyilishni maslahat berganini va bunday so‘nggi ogohlantirish avgust oyida e'lon qilinganini eslatib o‘tdi.
"Bilib turib o‘lim xavfiga duchor bo‘lishmoqda"
Rossiya tomonining ta'kidlashicha, Kiyevda ko‘plab elchixonalar faoliyatini davom ettirmoqda va xorijiy rasmiylar Ukrainaga tashrif buyurmoqda. Vazirlik ushbu ogohlantirishlarga amal qilmayotgan shaxslar "o‘zlarini bilib turib o‘lim xavfiga duchor etayotganini" qayd etdi.
"Rossiya Federatsiyasi Qurolli Kuchlari katta miqdordagi qarshi zarbalarni yetkazishni davom ettiradi", — deya xulosa qildi vazirlik. Ma'lumot o‘rnida, Rossiya–Ukraina urushi faol harakatlarning to‘rt yarim yilidan oshib, allaqachon beshinchi yiliga qadam qo‘ydi.





















