DUNYO
3 daqiqa o'qish
Eron Bahrayndagi AQSH "Patriot" radarlariga zarba berdi
Bahrayndagi hujum yuzasidan ziddiyatli bayonotlar: Eron AQSH radarlarini urganini, Manama fuqarolik obyekti nishonga olinganini aytmoqda.
Eron Bahrayndagi AQSH "Patriot" radarlariga zarba berdi
Iran War / AP (Wire)
 

Eron Bahrayndagi AQSHga tegishli ikkita "Patriot" radarini urib tushirganini da’vo qilib, uchuvchisiz uchish apparatlari tasvirlarini e’lon qildi. Bahrayn esa sanoat obyektiga uyushtirilgan hujumni qoralab, hodisada hech kim jarohatlanmaganini bildirdi.

Bahrayn rasmiylari Eronning shu hafta Ko‘rfaz mamlakatiga uyushtirgan so‘nggi hujumida fuqarolik sanoat obyekti nishonga olingani, zarba oqibatida yong‘in kelib chiqqani va moddiy zarar yetganini ma’lum qildi. Tehron ma’muriyati esa uchuvchisiz uchish apparatlari uchirilgani aks etgan kadrlarni e’lon qilib, hujumda faqat Bahrayndagi AQSHga qarashli ikkita "Patriot" radar tizimi nishonga olinganini ta’kidladi.

Bahrayn Ichki ishlar vazirligi X ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilgan bayonotida: "Eronning razil hujumi oqibatida fuqarolik sanoat obyekti nishonga olindi va obyektda yong‘in chiqdi. Fuqaro muhofazasi guruhlari yong‘inni jilovlash ustida ishlamoqda", — deya qayd etdi.

Vazirlik, shuningdek, "dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, moddiy zarar yetgan, biroq jarohatlanganlar yo‘q", — deya ma’lumot berdi. Obyektning aniq joylashuvi oshkor etilmadi.

Ichki ishlar vazirligi hujumdan avval hudud aholisini ehtimoliy tahdid haqida ogohlantirgan edi.

AFP agentligiga intervyu bergan ikki mahalliy fuqaro Bahraynning sharqiy sohilidagi Sitra oroli ustida tutun ko‘tarilayotganini ko‘rganliklarini aytishdi. Orolda davlat neft kompaniyasi — "Bapco" tomonidan boshqariladigan neftni qayta ishlash zavodi bilan birga ko‘plab sanoat obyektlari joylashgan.

Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) "Amerika Qo‘shma Shtatlarining noqonuniy harakatlariga javoban Bahrayn orolidagi Shayx Iso va Juffayr nomli ikkita AQSH bazasiga hujum uyushtirilganini" ma’lum qildi.

Inqilob muhofizlari e’lon qilgan bayonotda shunday deyiladi:

"Davom etayotgan hujumlar va Eron havo hududining buzilishiga javoban, bir necha daqiqa avval Bahrayndagi Al-Rifa va Avali bazalarida joylashtirilgan AQSH armiyasiga tegishli ikkita 'Patriot' radar tizimi raketa va uchuvchisiz uchish apparatlari bilan nishonga olindi."

Hujum raketalar va uchuvchisiz uchish apparatlari birgalikda qo‘llanilgan qo‘shma amaliyot orqali amalga oshirilgani bildirildi.

Eron shanba kuni erta tongda ham Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi Qeshm oroli ustida AQSHga tegishli uchuvchisiz uchish apparatini urib tushirganini e’lon qilgan edi.

Bahraynga qaratilgan Eron hujumlari

Boshqa tomondan, AQSH Qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) Eronning Ko‘rfaz ustida AQSHning F-16 qiruvchi samolyotini raketa bilan urgani, samolyotga zarar yetkazgani va uni favqulodda qo‘nishga majbur qilgani haqidagi da’volarini rad etdi.

Eron davlat ommaviy axborot vositalari mamlakat havo hujumidan mudofaa tizimlari juma oqshomida mazkur qiruvchi samolyotni nishonga olgani, samolyot topshiriqni yarim yo‘lda to‘xtatib, yaqin atrofdagi aeroportga qo‘nishga majbur bo‘lganini iddao qilgan edi.

CENTCOM o‘z bayonotida "Eron kecha AQSHning F-16 qiruvchi samolyotiga mutlaqo hujum qilmadi", — deya ta’kidlab, Yaqin Sharqdagi barcha AQSH harbiy samolyotlari xavfsiz ekani va ularning barchasining holati tasdiqlanganini ma’lum qildi.

Eron urush davomida AQSH samolyotlarini urib tushirgani yoki ularga zarar yetkazgani haqida shunga o‘xshash bayonotlar berib kelgan, AQSH armiyasi esa bu da’volarni rad etgan edi.

Amerika Qo‘shma Shtatlari va Isroilning fevral oyida Eronga uyushtirgan hujumlari bilan boshlangan urush o‘sha kundan beri butun Yaqin Sharq bo‘ylab kengaydi. To‘qnashuvlarda minglab odamlar halok bo‘ldi, dengiz yuk tashuvlari izdan chiqdi va global energiya narxlari ko‘tarildi.

Sentyabr oyidan buyon Ko‘rfaz mamlakatlariga qaratilgan Eron hujumlarida kuzatilgan tinchlanishdan so‘ng, Bahrayn bu oy bir necha bor yana nishonga olindi.

AQSH Harbiy-dengiz kuchlarining Beshinchi flotiga mezbonlik qiluvchi Bahrayn fevral oyida AQSH va Isroilning Eronga hujumlari bilan boshlangan urushning dastlabki bosqichida ham shiddatli zarbalarga duchor bo‘lgan edi.