Xitoyda Yangi yil arafasida halokatli portlash yuz berdi
Xitoyning sharqiy qismidagi havofishang do'konida sodir bo'lgan portlash oqibatida sakkiz kishi halok bo'ldi va ikki kishi jarohatlandi.
Xitoyning sharqiy qismidagi havofishang do'konida sodir bo'lgan portlash oqibatida sakkiz kishi halok bo'ldi va ikki kishi jarohatlandi. Xitoyning Bahor festivali deb ham ataladigan Oy taqvimi bo'yicha Yangi yili seshanba kuniga to'g'ri keladi. Odamlar an'anaviy ravishda yangi yilni kutib olish uchun yarim tunda havofishanglar portlatishadi.
Jiangsu provinsiyasining Dongxay tumanidagi do'konlardan birida yakshanba kuni mahalliy vaqt bilan soat 14:30 atrofida kuchli portlash sodir bo'ldi. Rasmiylarning bildirishicha, bunga bir yoki bir necha kishining havofishanglarni noto'g'ri tarzda yoqishi sabab bo'lgan. Voqea joyiga favqulodda vaziyatlar, o't o'chirish, jamoat xavfsizligi va sog'liqni saqlash xizmatlari darhol yetib kelgan.
Yong'in soat 16:00 atrofida o'chirilgan bo'lib, sakkiz kishi hayotdan ko'z yumgani va ikki kishi yengil kuyish jarohatini olgani tasdiqlandi. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda va mas'ul shaxslar hibsga olingan. Favqulodda vaziyatlarni boshqarish vazirligi bayram davrida havofishanglardan foydalanish ortishini hisobga olib, fuqarolarni xavfli harakatlardan tiyilish bo'yicha ogohlantirdi.
Shuningdek, vazirlik butun mamlakat bo'ylab havofishang korxonalarida xavfsizlik choralarini to'liq tekshirish bo'yicha ko'rsatma yubordi. Xitoyda xavfsizlik standartlarining yetarli darajada qat'iy emasligi sanoat baxtsiz hodisalarining tez-tez uchrashiga sabab bo'lmoqda. Masalan, ushbu oyda Shansi provinsiyasidagi biotexnologiya zavodida va yanvar oxirida Ichki Mo'g'ulistondagi po'lat zavodida ham o'lim bilan bog'liq portlashlar yuz bergan edi.