Vladimir Putin sentyabr oyida o‘tkaziladigan saylovlar oldidan Rossiya parlamentining quyi palatasi — Davlat Dumasi faoliyatining yakunlanishi munosabati bilan Kreml saroyida deputatlarga murojaat qildi.
Ukraina bilan urush davom etayotgan so‘nggi 4 yil ichida yuz bergan barcha voqealarga qaramay, Rossiya iqtisodiy jihatdan Xitoy, AQSh va Hindistondan keyin dunyoda to‘rtinchi, Yevropada esa birinchi o‘rinda turganiga e’tibor qaratgan Putin, iqtisodiy o‘sish sur’atlari bo‘yicha ham Yevropa Ittifoqidan oldinda ekanliklarini bildirdi.
Putin jang maydonida “yanada dadilroq harakat qilish” o‘ziga xos xavflarni keltirib chiqarishini hamda buning badali Rossiyaning jang maydonidagi yo‘qotishlari ekanini ta’kidladi.
Rossiya Prezidenti: “Shu sababli bu borada ham harakat qilamiz. Ehtiyotkorlik, qat’iyat va izchillik bilan mamlakat oldiga qo‘yilgan maqsadlar sari intilmoqdamiz va ularga albatta erishamiz”, dedi.
Hozirgi davr Rossiya uchun murakkab va taqdirni belgilovchi bosqich ekanini, buni faqat deputatlar, hukumat a’zolari va mintaqaviy rahbarlargina emas, balki har bir oddiy Rossiya fuqarosi ham anglayotganini ta’kidlagan Putin: “Biz katta kurash davrini boshdan kechirmoqdamiz”, dedi.
Putin Rossiya 2014-yildan oldin ham, undan keyin ham bosim ostida bo‘lganini da’vo qilib: “Biroq urush boshlangan 2022-yildan buyon G‘arb Rossiyaga qarshi adovat mashinasini eng yuqori tezlikda ishga tushirib, jahon rekordlarini yangiladi”, dedi.
Yevropaning “sanksiya deb ataladigan choralari” ish bermaganini ta’kidlagan Putin, ushbu sanksiyalarni joriy etgan va boshlab bergan tomonlar Yevropa hamda boshqa mamlakatlar xalqlariga zarar yetkazganini aytdi.
Kurash va keskin raqobat sharoitida yangi dunyo tartibining asosiy yo‘nalishlari shakllanayotganini qayd etgan Putin, Rossiya xalqining “taqdiri” xavf ostida ekanini va “bu mubolag‘a emas, balki haqiqat” ekanini bildirdi.
Vladimir Putin Rossiya xalqi tajovuzkor tashqi bosim va tarixiy sinovlarga doimo birdamlik bilan javob berganini ta’kidlab: “Bu har doim shunday bo‘lgan va bugun ham aynan shunday holat yuz bermoqda”, dedi.
“Ukrainaga qarshi maxsus harbiy operatsiya”da qatnashayotganlar Rossiya uchun qahramonlarcha jang qilayotgani, butun xalq va jamiyat ularni qo‘llab-quvvatlayotganini ta’kidlagan Putin: “Maqsadlarimizga erishamiz hamda barchamiz birgalikda g‘alaba va Rossiya uchun barcha imkoniyatlarni ishga solamiz”, dedi.




















