Bloomberg agentligi tarqatgan xabarga ko‘ra, Isroil iqtisodiyoti G‘azodagi ikki yillik qirg‘in davomida 57 milliard dollardan ortiq zarar ko‘rgan. Isroil bankining 2025-yilgi yillik hisobotida keltirilgan raqamlar 2023-yildan 2025-yilgacha bo‘lgan davrda qariyb 177 milliard shekel miqdorida yo‘qotish bo‘lganini qayd etgan. Bu ko‘rsatkich yillik yalpi ichki mahsulotning (YaIM) 8,6 foiziga to‘g‘ri keladi.
Asosan G‘azodagi qirg‘in bilan bog‘liq bo‘lgan ushbu zararlar Isroilning Livanga bostirib kirishi natijasidagi xarajatlarni ham o‘z ichiga oladi. Biroq hisobotda Isroilning havo hujumlari uyushtirayotgan, qarshi zarbalarga uchrayotgan va to‘rtinchi haftasiga kirgan Eronga qarshi urushning iqtisodiy oqibatlari hali aks etmagan.
Isroil urush mahkamasi shu oyning boshida urushni mablag‘ bilan ta’minlash uchun 13 milliard dollar qo‘shilgan holda qayta ko‘rib chiqilgan 2026-yilgi davlat byudjetini tasdiqladi. Hisobotda, shuningdek, savdo aloqalaridagi o‘zgarishlarga ham e’tibor qaratilgan. Unga ko‘ra, Isroilga nisbatan qattiq tanqidiy munosabatda bo‘lgan Yevropa Ittifoqining sakkizta davlatiga eksport hajmi 2024-yilda 1 milliard dollarga, 2025-yilda esa 1,5 milliard dollarga kamaygan. Buning aksiga, ba’zi boshqa davlatlar bilan savdo hajmi ortgan.
Isroil banki bu borada: "Ushbu holat siyosiy qarashlarning mazkur davlatlarga qilinadigan eksport hajmiga ta’sir ko‘rsatayotganini anglatishi mumkin", — deya ma’lum qildi. Bank, shuningdek, o‘tgan iyun oyida Eron bilan bo‘lgan 12 kunlik urushning o‘zi iqtisodiy ishlab chiqarishni YaIMning 0,3 foiziga kamaytirganini qo‘shimcha qildi.
Isroil 2023-yilning oktabr oyida G‘azoda qirg‘in boshlaganidan beri 72 mingdan ortiq falastinlikni o‘ldirdi, 172 mingga yaqin kishini yarador qildi va fuqarolik infratuzilmasining qariyb 90 foizini vayron qildi.
















