Eron AQSh bilan muzokara o‘tkazishi mumkinligi ammo urushga ham tayyorligini bildirdi

Tehron adolatli, teng huquqli va o‘zaro hurmatga asoslangan muzokaralar o‘tkazishi mumkinligi ammo urushga ham tayyorligini bildirmoqda.

By
_

Eron Tashqi Ishlar vaziri Abbоs Arakchi bugun (12.01.2026) bergan bayonotida, Tehron urushga to‘liq tayyor ekanini e’lon qilishiga qaramay AQSh bilan muzokaralar ham o‘tkazish mumkinligini bildirdi.

Arakchi Tehronda xorijiy elchilarga murojaat qilib, davlat televideniyesi orqali namoyish etilgan nutqida, Eron urush izlamayotgani ammo o‘zini himoya qilishga tayyor ekanini ta’kidladi.

U mavzu haqida shuningdek: «Eron Islom Respublikasi urush istamaydi ammo urushga to‘liq tayyor. Muzokaralarga ham tayyormiz faqat bu muzokaralar adolatli, teng huquqli va o‘zaro hurmatga asoslangan bo‘lishi shart», - degan ifodalarga o‘rin berdi.

Kuchli tanlovlar

AQSh Prezidenti Donald Tramp mamlakatda davom etayotgan namoyishlarga harbiy jihatdan aralashish kabi so‘zlari bilan Eronni tahdid qilar ekan, Eron rahbariyatining muzokara o‘tkazmoqchi ekaniga ham alohida e’tibor qaratgandi.

Tramp yakshanba kuni mavzu haqida bergan bayonotida, ma’muriyati Erondagi vaziyatni yaqindan kuzatayotgani va davom etayotgan namoyishlarda halok bo‘lganlar soni yuzlab kishiga yetgani haqidagi xabarlar ortidan kuchli variantlar ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qildi.

Florida shtatidagi Mar-a-Lago qarorgohidan Vashington tomon yo‘l olgan Tramp, samolyotda jurnalistlarga bayonot berdi va unda: «Harbiylar vaziyatni o‘rganmoqda va biz juda kuchli variantlarni ko‘rib chiqyapmiz. Qaror qabul qilamiz», - dedi.

Tramp shuningdek AQShning qachon, qayerda yoki qanday harakat qilishi borasida batafsil ma’lumot bermay; Eron bo‘yicha har soatda ma’lumot olib turganini o‘z so‘ziga ilova qildi.

Erondagi norozilik namoyishlari

Eronda yomonlashib borayotgan iqtisodiy sharoitlar sababli dekabr oyi oxiridan beri norozilik namoyishlari davom etmoqda.

Markazi AQShda joylashgan HRANA inson huquqlari guruhi ma’lumotiga ko‘ra Erondagi voqeada 490 nafar namoyishchi bilan 48 nafar xavfsizlik xodimi halok bo‘lgan. Halok bo‘lganlardan tashqari 10 ming 600 nafardan ortiq inson hibsga olingan. Biroq rasmiylar tomonidan qurbonlar soni bo‘yicha hozircha hech qanday rasmiy ma’lumot berilmadi.

AQSh o‘tgan 2025 - yilning iyun oyida bo‘lib o‘tgan Eron – Isroil urushi paytida «Midnight Hammer» (Yarim tunda bolg‘a) amaliyoti doirasida Eronning Fordo, Natanz va Isfahon shaharlaridagi uchta muhim yadroviy inshootiga havo orqali zarbalar bergandi.

Tramp, harbiy ogohlantirishlar bilan birga, aloqa o‘rnatishda keng ko‘lamli uzilishlar kuzatilayotgan bir paytda internet aloqasini qayta tiklash yo‘llarini ham o‘rganayotgani va bu masalada Ilon Mask bilan gaplashishni rejalashtirayotganini bildirdi.