Tashqi Ishlar vazirligi manbalaridan olingan ma’lumotga ko‘ra Turkiya Tashqi Ishlar vaziri Hakan Fidan va uning suriyalik hamkasbi Asad Hasan ash - Shayboniy o‘rtasida bo‘lib o‘tadigan uchrashuvda Suriyada doimiy barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash maqsadida Turkiya ko‘magida olib borilayotgan ko‘p qirrali sa’y - harakatlar har tomonlama muhokama qilinadi.
Diplomatik manbalarga ko‘ra uchrashuvda Suriyaning terrorizmga qarshi kurash salohiyatidagi yutuqlar alohida ta’kidlanadi hamda Turkiyaning bu yo‘nalishda Suriya bilan muvofiqlashtirilgan hamkorlikni yanada rivojlantirishga qat’iy intilishi bildiriladi. Shuningdek, Suriyaning shimoli - sharqiy hududlarini markaziy hukumat tizimiga integratsiya qilish jarayonida erishilgan so‘nggi bosqich ham muhim mavzulardan biri bo‘ladi.
Mintaqaviy rivojlanishlar
Muzokaralarning mintaqaviy qismida esa Isroilning siyosati asosiy o‘rin egallaydi. Isroilning Suriya barqarorligini izdan chiqarishga qaratilgan harakatlari qabul qilib bo‘lmaydigan darajada noto‘g‘ri ekani ta’kidlanadi. Shuningdek, G‘azodagi hujumlarni imkon qadar tezroq to‘xtatish va Isroilning Livandagi ishg‘olini tugatish mintaqaviy xavfsizlik uchun muhim ahamiyatga ega ekani qayd etiladi.
Hakan Fidanning Turkiyaning AQSh va Eron o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatishga erishish, Ho‘rmuz bo‘g‘ozini dengiz qatnovi uchun ochish hamda mintaqada barqaror tinchlikni ta’minlashga qaratilgan diplomatik tashabbuslarni qo‘llab - quvvatlayotganini suriyalik hamkasbiga yetkazishi kutilmoqda.




















