Fransiyada fermerlar AB–Mercosur bitimiga qarshi Parijda yana namoyish o‘tkazdi

Fermerlar AB–Mercosur savdo bitimini qoralash uchun Parij bo‘ylab harakatga chiqdi. Ularning aytishicha, arzonroq import va pastroq standartlar sababli mazkur bitim Fransiya qishloq xo‘jaligiga jiddiy tahdid solmoqda.

By
Parijda hukumatning Yevropa Ittifoqi-Merkosur erkin savdo bitimiga yondashuviga qarshi norozilik. / Reuters

Fransiyalik fermerlar mahalliy qishloq xo‘jaligini Janubiy Amerikadan keladigan arzon import bilan adolatsiz raqobatga duchor qilayotganini aytib, AB–Mercosur savdo bitimiga qarshi norozilik bildirish maqsadida bir hafta ichida ikkinchi bor traktorlar bilan Parijga kirib keldi.

Seshanba kuni bo‘lib o‘tgan namoyish Fransiyaning eng yirik fermer uyushmalaridan biri — FNSEA tomonidan tashkil etildi. Yevropa Ittifoqining eng yirik qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchisi bo‘lgan Fransiyada, shuningdek boshqa a’zo davlatlarda ham fermerlar AB–Mercosur bitimi va ko‘plab mahalliy muammolar sabab bir necha oydan beri norozilik aksiyalarini davom ettirmoqda.

Parij politsiyasi namoyishda taxminan 350 ta traktor qatnashganini bildirdi. Traktorlar karvonining biri Zafar arkasi (Arc de Triomphe) oldida to‘plangan bo‘lsa, boshqasi Fransiya parlamenti binosigacha yetib bordi.

FNSEA vitse-prezidenti va Parij mintaqasidan bo‘lgan fermer Damien Greffin shunday dedi:
“Mercosur bitimi Yevropa Parlamenti o‘z fikrini bildirmagan bo‘lsa-da, tasdiqlandi. Bu esa Fransiyada bemalol ishlab chiqarishimiz mumkin bo‘lgan, biroq Fransiya qishloq xo‘jaligiga yuklatilgan standartlarga javob bermaydigan xorijiy mahsulotlarning importiga yo‘l ochadi.”

Greffinning aytishicha, fermerlar seshanba kuni Fransiya parlamenti oldida norozilik namoyishi o‘tkazadi, shuningdek 20-yanvar kuni Strasburgdagi Yevropa Parlamentida ham aksiya rejalashtirilgan.

Juma kuni ABga a’zo davlatlarning aksariyati Fransiyaning qarshiligiga qaramay Mercosur bitimini ma’qullagani hukumatga fermerlar va muxolifat partiyalari tomonidan bosimni kuchaytirdi. Ba’zilari hatto ishonchsizlik votumi tashabbusini ilgari surdi.

Boshqa bir fermer uyushmasi — Coordination Rurale esa o‘tgan payshanba kuni kutilmagan aksiya o‘tkazib, traktorlarini Eyfel minorasi va Zafar arkasi ostiga olib kelgan edi.