Istanbul mutasaddilari yakshanba kuni kechqurun shaharning Sariyer tumanida ko‘ringan va urg‘ochi sher ekani taxmin qilinayotgan yirtqich hayvonni tutish bo‘yicha maxsus operatsiya boshladi. Keng ko‘lamli qidiruv tadbirlaridan so‘ng hayvonning o‘rmon hududida ekani aniqlandi.
Operatsiya yakshanba oqshomida Uskumrukoy mahallasida urg‘ochi sherga o‘xshash hayvon ko‘ringani haqida tuman jandarmeriya qo‘mondonligiga xabar kelib tushganidan so‘ng boshlangan.
Shundan keyin Tabiatni muhofaza qilish va milliy bog‘lar boshqarmasi hamda Sariyer tumani munitsipal politsiya bo‘limi xabardor qilinib, voqea joyiga tezkor guruhlar safarbar etildi.
Rasmiylar tomonidan ko‘zdan kechirilgan kuzatuv kameralari tasvirlarida ham urg‘ochi sher deb taxmin qilinayotgan hayvon aks etgan. Mazkur holatdan so‘ng hududda zarur xavfsizlik choralari ko‘rilib, mahalliy aholi ehtiyotkorlikka chaqirildi.
Tabiatni muhofaza qilish va milliy bog‘lar bosh boshqarmasi ijtimoiy tarmoqdagi rasmiy bayonotida Zekeriyakoy jandarmeriya posti xodimlari kamera yozuvlarini o‘rganib chiqqach, mas’ul idoralarni ogohlantirganini ma’lum qildi.
Boshqarmaning Sariyer bo‘limi mutaxassislari voqea joyiga yetib borib, tasvirlarni tahlil qildi va hududda dastlabki qidiruv-tekshiruv ishlarini o‘tkazdi.
«Tasvirga olingan hududda Zekeriyakoy jandarmeriya posti guruhlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan dastlabki tekshiruvlar chog‘ida hech qanday hayvon topilmadi», — deyiladi boshqarma bayonotida.
Shundan so‘ng qidiruv ko‘lamini kengaytirish maqsadida termal (issiqlikni aniqlovchi) kameralar bilan jihozlangan qo‘shimcha guruhlar jalb qilindi.
«O‘rmon hududida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida hayvonning turgan joyi aniqlandi. Hozirda tarkibiga malakali veterinarlar ham kiritilgan maxsus guruh tomonidan uni tutish ishlari davom ettirilmoqda», — deya qo‘shimcha qildi boshqarma.
Operatsiya davom etayotgan bir paytda jandarmeriya bo‘linmalari hududda xavfsizlikni ta’minlab turibdi.
Manba: Tabiatni muhofaza qilish va milliy bog‘lar bosh boshqarmasi (Turkiya) bayonoti.



















