OpenAI: Kuchli modellarga global cheklovlar joriy etish zarur
DUNYO
2 daqiqa o'qish
OpenAI: Kuchli modellarga global cheklovlar joriy etish zarurOpenAI bosh olimi sun'iy intellekt xavfidan ogohlantirdi va kuchli modellarga global cheklovlar joriy etishga chaqirdi.
Xavfsizlik bilan bog‘liq xavotirlar ortib borayotgan bir paytda, OpenAI kuchli sun’iy intellekt modellariga cheklovlar joriy qilishga chaqirmoqda. / Reuters
 

OpenAI bosh olimi sun'iy intellekt taraqqiyotini umumiy mezonlar asosida cheklashni taklif qildi.

Sun'iy intellekt ishlab chiquvchilari tobora kuchayib borayotgan modellar uchun umumiy cheklovlar joriy etishi hamda sohadagi taraqqiyotni o'lchashda yagona mezon sifatida «perpleksiya» (perplexity) ko'rsatkichidan foydalanishi kerak. Bu haqda OpenAI kompaniyasining bosh olimi Yakub Pachocki ma'lum qildi.

Ushbu taklif sun'iy intellekt imkoniyatlari shiddat bilan kengayib borayotgani sababli soha ichida ham, tashqarisida ham yuzaga kelayotgan xavotirlar fonida e'lon qilindi.

«Shuningdek, perpleksiya va boshqa o'lchovlarga asoslangan umumiy cheklovlarni taklif qilaman. Sun'iy intellekt xatti-harakatlarini tushunish va nazorat qilish qobiliyatimiz ma'lum bir aniq bosqichga yetmaguncha, ishlab chiquvchilar bu chegaradan o'tmaslikka majbur bo'lishi kerak», — deb yozgan Pachocki.

Olimning ta'riflashicha, perpleksiya — modelning intellektini baholovchi ko'rsatkich bo'lib, u tizimning keyingi tokenni (ma'lumotning asosiy birligini) o'rtacha qanchalik to'g'ri taxmin qilishini o'lchaydi. Perpleksiya qanchalik past bo'lsa, taxminlar shunchalik aniq bo'ladi.

Pachockining ta'kidlashicha, 2027-yilning boshlaridayoq sun'iy intellekt o'z-o'zini o'qitish usullarida tub burilish yasashi mumkin. Bu esa texnologik taraqqiyotni monitoring va xavfsizlik mexanizmlariga qaraganda ancha tezlashtirib yuborishi xavfini tug'diradi.

Xavfsizlik va nazorat

Pachocki qo'shimcha qilishicha, ishlab chiquvchilar yangi monitoring hamda xavfsizlik tizimlari joriy etilmaguncha, kelishilgan imkoniyat chegaralaridan o'tmaslik majburiyatini olishlari lozim. Buning uchun u rivojlanishning ilk chegarasini belgilaydigan va undan o'tish shartlarini aniqlaydigan yagona sohaviy standart ishlab chiqishni yoqlab chiqdi.

Ushbu tashabbusni kompaniya bosh direktori Sem Altman ham qo'llab-quvvatladi. U X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog'idagi sahifasida soha vakillari umumiy cheklovlar borasida yakdil kelishuvga erishishi zarurligini bildirdi. Altman Pachockining maqolasini «OpenAI so'nggi paytlarda e'lon qilgan eng muhim material» deb atab, bunday choralar xavfsizlik va nazoratni ta'minlashga xizmat qilishini ta'kidladi.

Manba: OpenAI, Yakub Pachockining maqolasi va Sem Altmanning X tarmog'idagi posti.