TURKIYA
2 daqiqa o'qish
Tramp Turkiyaning F-35 dasturiga qayta kirishini qo'llab-quvvatlamoqda
"New York Times" xabariga ko‘ra, mazkur qadam milliy xavfsizlik rasmiylarining mavjud muammoni hal etish uchun parda ortida haftalar davomida olib borgan sa’y-harakatlaridan so‘ng amalga oshirilmoqda.
Tramp Turkiyaning F-35 dasturiga qayta kirishini qo'llab-quvvatlamoqda
Tramp yaqinda F-35lar borasida Erdog‘anni “juda xursand qiladigan” qadamga ishora qildi. (AP surati)

AQSh Prezidenti Donald Trampning NATO sammiti doirasida Anqarada Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan o‘tkazadigan uchrashuvida, Turkiyaning F-35 jangovar samolyotlari dasturiga qaytishini ta’minlashga tayyorligini ma’lum qilishi kutilmoqda.

"The New York Times" gazetasi ma’muriyatning to‘rt nafar yuqori martabali rasmiysiga tayanib dushanba kuni yozishicha, bu qadam milliy xavfsizlik maslahatchilarining muzokaralardagi turg‘unlikni bartaraf etish uchun parda ortida haftalar davomida olib borgan sa’y-harakatlari samarasidir.

Rasmiylarning qayd etishicha, Tramp Anqaraga jangovar samolyotlarni taqdim etish borasida ijobiy qadam tashlash niyatini bildirishi kutilmoqda, biroq bu jarayon qachon amalga oshishi hozircha aniq emas. Ma’muriyat Kongress va yuridik cheklovlarni qanday bartaraf etishi borasidagi tafsilotlar ham hanuzgacha ma’lum emas.

Samolyotlar Turkiya va NATO mudofaasini kuchaytiradi

Gazetaning ta’kidlashicha, Trampning bu rejasi Kongress tomonidan qarshiliklarga uchrashi mumkin. Kongress avvalroq, Anqara Rossiyada ishlab chiqarilgan S-400 havo mudofaa tizimidan voz kechmaguniga qadar, F-35 samolyotlarini Turkiyaga sotishni taqiqlab qo‘ygan edi.

AQSh 2019-yilda Turkiyaning Rossiyadan S-400 tizimini sotib olganiga javoban uni F-35 dasturidan chetlashtirgan edi. AQSh mazkur tizim jangovar samolyotlar uchun xavf tug‘dirishi va NATO tizimlari bilan mos kelmasligini da’vo qilgan.

Turkiya esa o‘z navbatida ikki tizim o‘rtasida hech qanday qarama-qarshilik yo‘qligini qayta-qayta ta’kidlab, masalani o‘rganish uchun komissiya tuzishni taklif qilgan. Shuningdek, Anqara F-35 dasturi bo‘yicha o‘z majburiyatlarini to‘liq bajarganini va dasturdan chetlashtirilish qoidalarga zid ekanini bildirib keladi. Turkiya rasmiylarining fikricha, mazkur jangovar samolyotlar nafaqat Turkiya, balki butun NATO mudofaasini mustahkamlaydi.

O‘tgan oy Tramp Anqaraning F-35 samolyotlari va dvigatellari bo‘yicha murojaati haqidagi savolga javob berar ekan, Erdo‘g‘anni “juda xursand” qiladigan qadam tashlashi mumkinligini aytgan edi.