Vazir Fidan: Yaman hududiga harbiy kuch joylashtirish bo‘yicha qabul qilingan qaror yo‘q
Fidan AQSH Prezidenti Donald Tramp, Xitoy Raisi Si Szinpin va Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Xitoyda o‘tkazgan uch tomonlama sammitiga to‘xtalar ekan, Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi (APEC) sammiti doirasida uch yetakchining uchrashishi muhim ekanini ta’kidladi.
Vazir iqtisodiy, siyosiy, texnologik va ijtimoiy kabi ko‘plab kuch omillari doimiy ravishda o‘zgarib va xilma-xillashib borayotgan xalqaro tizim sharoitida yashayotganimizga e’tibor qaratdi.
Hozirda Birlashgan Millatlar Tashkilotiga (BMT) a’zo 200 ga yaqin milliy davlat borligini qayd etgan Fidan: "Bularning 140 ga yaqinini normal faoliyat yurituvchi davlat deb hisoblasak, Ikkinchi jahon urushidan darhol keyin tashkil etilgan va atigi 55 ta ro‘yxatga olingan davlat uchun amal qilgan gegemon tizim bugungi kunda unchalik ish bermayotganini ko‘ryapmiz", — deya baho berdi.
Fidanning aytishicha, Tramp ma’muriyati bilan AQSH o‘zining mavjud global strategiyasini qayta ko‘rib chiqmoqda va Ikkinchi jahon urushidan beri bajarib kelgan ayrim rollarini o‘zgartirishga qaror qilgan.
AQSH an’anaviy ravishda ittifoqchilari bilan birga harakat qilib kelgani va bu ittifoqchilarga barqarorlik olib kelganini ta’kidlagan Fidan, endilikda AQSH "bu roldan iste’fo beraman" deyayotganini bildirdi.
Fidan "Amerikani yana buyuk qilaylik" (MAGA) shioriga ishora qilib, AQSH "birinchi navbatda Amerika" siyosati bilan ittifoqchilari bilan munosabatlarini qayta ko‘rib chiqayotganini va barcha yukni o‘zi ko‘tarmasligi kerakligini aytayotganini qayd etdi.
NATOda ham bu masala kun tartibiga chiqqanini eslatgan Fidan, AQSH endi o‘zini Yevropa xavfsizligi uchun an’anaviy ravishda mas’ul deb hisoblaydigan ko‘rinishda emasligini ma’lum qildi.
"Tramp, Si va Putinning uchrashuvi muhim"
Fidan AQSH, Xitoy va Rossiya yetakchilarining bir joyga to‘planishi haqida shunday dedi:
"Hozir ushbu uch davlatning birlashib, muayyan masalalarni muhokama qilishi haqiqatan ham muhim. Nega muhim? Mavjud inqirozlarga yechim topishda unchalik samarali yondashuv bo‘lmasa-da, vaziyatni yanada yomonlashtirish niyati yoki bayonoti bilan chiqishmayapti. Hech bo‘lmaganda bir yerga yig‘ilib, 'borini bundan battar qilmaymiz, qanday qilib yaxshilash mumkin' deb gaplashishmoqda. Yaxshilash uchun esa haqiqatan ham manfaatlar uyg‘unlashishi kerak."
Yadroviy masalada biror ish qilish mumkinmi yoki yo‘qligi borasida umumiy tamoyil belgilanganiga ishora qilgan Fidan: "Shunday ekan, yadro qurollari borasida ular ilgari surgan umumiy til bor", — dedi.
O‘tmishda ham shunday uchrashuvlar bo‘lganini eslatgan Fidan qo‘shimcha qildi:
"Bu biror natijaga olib keladimi? Bundan biror tashabbus chiqadimi? Buni vaqt ko‘rsatadi, lekin mening shaxsiy tahlilim — albatta buni davlatning rasmiy pozitsiyasi sifatida aytmayapman — bu yerdan juda katta siljish chiqmasligi mumkin. Obama davrida ham yadro energetikasi va yadroviy qurolsizlanishni markazga olgan 4-5 ta shunday global uchrashuv o‘tkazilgan, biz ham qatnashgan edik. Ammo bu davrda shunday ish qilinadimi, bilmayman. Ochig‘i, unchalik kutmayapman."
Uchrashuvda jahon savdosiga oid masalalar ham jiddiy muhokama qilinganini aytgan Fidan: "Xalqaro jinoyat sudining bir nuqtada 'vakolat doirasidan chiqmoqda, o‘z vazifasini suiste’mol qilmoqda' kabi yengil va og‘ir tanqidlarga uchrashi shuni anglatadiki, 'biz xalqaro aktyorlarning katta-kichik shakllantirgan adolat tizimidan ko‘ra, uchalamizning haq va nohaq tushunchamiz asosida yo‘l tutishni afzal ko‘ramiz' degan yondashuv mavjud", — dedi.
Uchrashuvda qatnashgan hamkasblaridan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, juda batafsil masalalar muhokama qilinmaganini aytgan Fidan: "Kun yakunida bu uch davlatning birlashib muammolarni gaplashishi muhim. Aytganimdek, muammolar hal bo‘lmasa ham, yanada yomonlashuvining oldini olish nuqtai nazaridan bunday qudratli yadroviy davlatlarning uchrashib, muzokara o‘tkazishi va ko‘z-ko‘zga qarab gaplashishi nihoyatda ahamiyatli", — deya ta’kidladi.
Uchrashuvning "Yalta konferensiyasi"ga qiyoslanishi mubolag‘a emasmi, degan savolga Fidan: "Menimcha, juda katta mubolag‘a", — deb javob berdi.
AQSHdagi Kongress saylovlari natijalari, Isroildagi saylovlar va Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi vaziyatga to‘xtalar ekan, Fidan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi bo‘yicha jarayon davom etayotganini, biroq ma’lum bir boshi berk ko‘chaga kirib qolganini aytish mumkinligini, tomonlar o‘rtasida xabarlar va muayyan talablar almashinayotganini bildirdi.
"AQSH-Eron kelishuvi global moliyaviy inqirozlarni yumshatish uchun muhim"
Qatar Bosh vaziri va Tashqi ishlar vaziri Muhammad bin Abdurahmon Al Soniy bilan gaplashganliklarini va sa’y-harakatlar davom etayotganini aytgan Fidan: "Inshaalloh, muvaffaqiyatga erishiladi. Biz ham qo‘limizdan kelganini qilyapmiz. Amerika-Eron kelishuvi nafaqat Ho‘rmuz bo‘g‘ozining ochilishi uchun, balki global moliyaviy inqirozlarni biroz yumshatish ma’nosida ham muhimdir", — dedi.
Iqtisodiy jihatdan ko‘plab mamlakatlarda nihoyatda katta qiyinchiliklar borligini qayd etgan Fidan: "Bu urush va yechimsizlik keltirib chiqarayotgan iqtisodiy yuk ko‘plab davlatlar uchun kundan-kunga og‘irlashmoqda. Juda vayronkor ta’sirlar sari ketmoqda. Bu, albatta, siyosiy jihatdan muammoli masala. Aytganimdek, hamma buni hal qilish uchun harakat qilmoqda", — deya ta’kidladi.
Fidan AQSH va Isroildagi saylov jarayonlari haqida shunday dedi:
"Bu yerda aslida Isroilning, to‘g‘rirog‘i, Netanyaxu siyosatining ham Isroildagi, ham Amerikadagi saylov natijalarida markaziy rol o‘ynaganini ko‘ryapmiz. Odatda Amerika o‘ng qanoti Tramp bilan birga ilgari surgan yangi loyihalarda, ichkarida ayniqsa muhojirlar masalasida ayrim muammolar yuzaga kelgan bo‘lsa-da, 'Amerika manfaatlarini himoya qilyapman' degan da’vo ostida ko‘p masalalar xalq nazarida boshqariladigan ko‘rinardi. Qachonki boshqa bir davlat nomidan proksi (vositachi) kuch sifatida urushga kirsangiz, o‘shanda da’voingizning eng kuchli nuqtasidan so‘roqqa tutilasiz: 'America first'mi yoki 'Isroil first'mi?"
AQSH tashqi siyosatidagi yondashuv ko‘p yillar davomida respublikachilar yoki demokratlardan qat’i nazar bir xil bo‘lib kelganini eslatgan Fidan quyidagilarni qayd etdi:
"Hozir kelgan jamoa, ayniqsa demokratlardan saylanib yangi kelgan jamoa demokratlarning eski qarashlarini ham rad etuvchi jamoadir. Ular urushlarni rad etadi. Yaqin Sharqdagi, G‘azodagi genotsidni juda yaxshi tushungan va qalban his qilgan holda. Bu yerdagi prinsipsizlik keltirib chiqargan axloqiy va ma’naviy muammolarni juda jiddiy ko‘rmoqda. Amerika o‘ng qanotining ma’muriyatga, ayniqsa Amerikani markazga olmagan Yaqin Sharq siyosatiga nisbatan juda jiddiy tanqidlari bor. Bu, albatta, Netanyaxu siyosati ta’sir qilgan, qo‘li tekkan har bir kishini o‘zi bilan birga pastga tortdi. Bu tabiiy hol edi, buni oldindan ko‘rish mumkin edi."
Bu siyosat har doim G‘azo va Yaqin Sharqdagi insonlarga tovon to‘latganini, genotsidga va hamon insonparvarlik yordamlari yetib bormayotgani sababli odamlar chekayotgan azoblarga guvoh bo‘lishayotganini aytgan Fidan: "Bunda bevosita yoki bilvosita ishtirok etgan, yordam bergan kim va qaysi aktyor bo‘lishidan qat’i nazar, barchasi siyosiy yoki boshqa turdagi tovon to‘layotganini va to‘lashda davom etishini ko‘ryapmiz. G‘azodagi shahidlarning qoni o‘sha zahoti bu genotsidni to‘xtata olmasligi mumkin, lekin dunyoda bu qon ko‘p narsani o‘zgartiradi. Biz bu o‘zgarishlar yuz berayotganini ko‘rib turibmiz", — dedi.
AQSH va Turkiya munosabatlariga to‘xtalgan Fidan Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va Tramp o‘rtasida yetakchilar diplomatiyasiga namuna bo‘la oladigan juda jiddiy munosabatlar mavjudligini, jamoatchilik kun tartibiga chiqqan va chiqmagan ko‘plab masalalar boshqarilayotganini, ayrim muammolar hal qilinganini bildirdi.
Ayniqsa, AQSHning Suriya va Iroqdan chiqib ketishi Turkiyaning "terrorsiz mintaqa loyihasi" nuqtai nazaridan hayotiy ahamiyatga ega markaziy masala ekanini ta’kidlagan Fidan, Suriyadagi barqarorlikning ta’minlanishi va davom ettirilishi ham Turkiya xavfsizligi, ham mintaqaviy barqarorlik uchun nihoyatda ijobiy ekanini aytdi.
Iroqda ham Bosh vazir Ali az-Zaydiyning siyosatini qo‘llab-quvvatlashlarini va u Prezident Erdo‘g‘an bilan uchrashganini eslatgan Fidan: "Iroqning milliy yaxlitligi, birligi, xavfsizligi, barqarorligi, taraqqiyoti va inson huquqlari biz juda katta ahamiyat beradigan masaladir. Buni qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz va Ali Zaydiyning ham bu boradagi loyihalarini dastaklaymiz", — dedi.
Bu masalada ham Prezident Erdo‘g‘an Tramp bilan yaqin hamkorlikda ishlayotganiga ishora qilgan Fidan Kavkazdagi masalalar, Rossiya-Ukraina urushida o‘t ochishni to‘xtatish masalasi, Afrika shoxidagi voqealar kabi muhim mavzular borligini qayd etdi.
"(AQSHda) Qonunlashtirilgan masalalarda ma’muriyatning vakolati yo‘q, harakat doirasi juda cheklangan"
Ikki tomonlama savdo hajmini oshirish va mudofaa sanoatidagi to‘siqlarni olib tashlash masalasiga to‘xtalar ekan, Fidan shunday dedi:
"Ma’muriyat vakolatiga tayanadigan ayrim kechikishlar bor edi. Hozir ular bartaraf etilayotganini ko‘ryapmiz, jumladan, uzoq vaqtdan beri berilmayotgan ayrim o‘q-dorilarni xarid qilish masalalarida. Ammo qonunlashtirilgan masalalarda, bilasiz, ma’muriyatning vakolati yo‘q, harakat doirasi juda cheklangan."
Qonunga oid masalalarning ayrim ijro bandlari borligini va u yerdagi to‘siqlarni yengib o‘tishga harakat qilishayotganini qayd etgan Fidan: "Aslida siyosiy iroda ko‘rsatildi, 1,5 yildan beri ko‘rsatildi. Janob Tramp va janob Erdo‘g‘an uchrashganlarida 'bu masala tugashi, yopilishi, kun tartibimizdan chiqishi kerak' deyishdi. Hech kim bunga mantiqiy izoh topa olmayapti", — dedi.
Bu siyosat AQSHning o‘ziga ham foyda keltirmayotganiga e’tibor qaratgan Fidan: "Bu Turkiyani Amerikaning mudofaa hamkorligidan chiqarib, Turkiya joylashgan mintaqada o‘ziga manfaat ko‘zlagan tarmoqlarning — kimligini taxmin qilish qiyin bo‘lmagan tarmoqlarning — Amerikadagi faoliyati natijasida yuzaga kelgan holatdir. Aks holda, Rossiya mudofaa tizimini sotib olgan talaygina davlat bor. Amerika ularning qaysi biriga CAATSA sanksiyalarini qo‘lladi?" — deya savol tashladi.
Turkiyaning mintaqada namoyon etayotgan pozitsiyasi, irodasi, prinsiplari va himoya qilayotgan qadriyatlari, eng avvalo Isroil boshchiligidagi mintaqadagi ayrim kuchlarga yoqmayotganini ta’kidlagan Fidan: "Amerika nezdida juda katta lobbichilik qilishmoqda. Bu biroz lobbilar urushiga aylanib ketgan", — dedi.
Isroil va Gretsiya lobbisi AQSHda mahalliy siyosatga ta’sir o‘tkazmoqda
"Avval AQSHmi yoki Isroilmi" bahsiga ishora qilgan Fidan: "Amerika siyosatida, bilasiz, lobbilar muhim. Mana Isroil lobbisi, Gretsiya lobbisi ishga kirishib, ayrim faoliyatlarni olib borishmoqda. Mahalliy siyosatga ta’sir o‘tkazishmoqda. Ma’muriyat darajasida bu masalani hal qilish irodasi bor. Inshaalloh, bu muammoni yengib o‘tamiz. Bu borada biroz tizimli va intizomli harakat qilish kerak. Qo‘limizdan kelganini qilyapmiz", — dedi.
Turkiyaning mintaqaviy va xalqaro platformalardagi ishtiroki haqida gapirar ekan, Fidan Prezident Erdo‘g‘an ilgari surgan tashqi siyosat vizyoniga tayanib: "Biz mintaqamiz uchun shunchaki tashkil etish uchun emas, balki funksional bo‘lishi, haqiqatan muammolarni hal qilishi uchun ish beradigan va ilgari sinab ko‘rilmagan usullarni qo‘llashda, shukrki, juda yaxshi natija ko‘rsatyapmiz deb o‘ylayman", — dedi.
Makka mudofaa ittifoqi, Mintaqaviy to‘rtlik, G‘azo sakkizlik guruhi kabi tuzilmalar ilgari bo‘lmaganiga e’tibor qaratgan Fidan, ushbu davlatlar endi hamkorlik orqali ozmi-ko‘pmi oldinga siljish mumkinligini ko‘rishayotganini aytdi.
Turkiya ko‘plab strategik havzalarda joylashganini qayd etgan Fidan, bu hududlarning barchasi dinamik geografiyalar va turli inqirozlar kelib chiqishiga moyil makonlar ekanini ta’kidladi.
Ularning har biri uchun strategik vizyon va mexanizm ishlab chiqish zarurligini aytgan Fidan, mintaqaviy muammolarga egalik qilish salohiyatiga ega Turkiya inqirozlarni yuzaga kelishidan oldin bashorat qilib, zarur mexanizmlarni ishga solish ustida ishlayotganini urg‘uladi.
"Turkiyaning o‘z kuchini tinchlik o‘rnatish uchun ishlatishi uni talabgar aktyorga aylantirmoqda"
Mintaqadagi inqirozlar kattalashmasdan oldin nimalar qilish mumkinligi ustida ishlayotganliklarini aytgan Fidan: "Turkiyaning o‘z kuch va ta’sirini doimiy ravishda tinchlik, barqarorlik va farovonlikni qaror toptirishda ishlatuvchi aktyor bo‘lishi uni haqiqatan ham doimo talabgir aktyorga aylantirmoqda", — dedi.
Turkiya ishlab chiqqan tashqi siyosat tushunchalari va atamalari boshqa geografiyalarda ham qo‘llanilayotganini ta’kidlagan Fidan: "Mintaqaviy egalik, o‘z muammolarimizga o‘zimiz yechim topishimiz kerak degan jumlalarni endi Yevropa yetakchilari ham ishlata boshlaganini ko‘ryapmiz", — dedi.
Turkiyaning salohiyati va Prezident Erdo‘g‘anning ko‘p yillik yetakchiligiga ishora qilgan Fidan, AK Partiya hukumatlarining ketma-ket hokimiyatda bo‘lishi kadrlar davomiyligini ta’minlaganini va bu juda muhim ekanini aytdi.
O‘zi ham mintaqadagi aktyorlar bilan turli lavozimlarda 20 yildan beri tanish ekanini ta’kidlagan Fidan, bu juda jiddiy ustunlik berishini qayd etdi.
Turkiya kabi davlatda bu qadar uzoq muddatli hokimiyatning bo‘lishi nafaqat Turkiya, balki mintaqa uchun ham katta ne’mat ekanini ifoda etgan Fidan, hamkorlar yaxshi ekanini, biroq boshqarilishi kerak bo‘lgan muammolar ham borligini aytdi.
Bu turli madaniyatlar, uslublar va mexanizmlarni tushunishga oid qarashga ega bo‘lishni talab etishini ta’kidlagan Fidan: "Qiyinchiliklar katta, ammo shukrki, shu paytgacha na mintaqadagi, na dunyodagi hayotiy inqirozlarni katta miqyosda mamlakatimizga aks ettirmadik. Aksincha, oldindan harakat qilib, qo‘limizdan kelganini qildik. Qilishda davom etamiz", — deya baho berdi.
Makka ittifoqi
Vazir Fidan Makka ittifoqi bilan bog‘liq institutsionallashuv ishlari davom etayotganini, ittifoq ichida asosiy qarorlar qabul qilinib, asosiy mexanizmlar tashkil etilganini, ham harbiy shtab, ham kotibiyat bo‘yicha qarorlar chiqarilganini eslatdi.
Makka ittifoqi oldidagi sinovlardan biri Yamandagi voqealar ekanini ta’kidlagan Fidan, Yamandagi muammo Saudiya Arabistoni xavfsizligiga tahdid solishi va bu tahdidning to‘xtamasligi Turkiya ichki siyosatining ham kun tartibida ekanini aytdi.
Fidan 19-noyabr kuni Turkiya Buyuk Millat Majlisidagi (TBMM) Reja va byudjet komissiyasida 55 ga yaqin deputat so‘zga chiqqani va muxolifat partiyalaridan ko‘plab savol hamda tanqidlar kelib tushganini bildirib, quyidagi fikrlarni aytdi:
"Bularning bir qismi haqiqatan ham juda e’tiborga olinishi kerak bo‘lgan, javobsiz qolmaydigan narsalar. Men u yerda ham aytdim, bu aslida juda erkin muhitda tushuntirilishi kerak bo‘lgan mavzu, ammo Turkiyadagi tizim taqozosiga ko‘ra, byudjet muhokamasida qilgan nutqlaringiz butun dunyoga e’lon qilinadi, o‘sha yerda qolib ketmaydi. Shu bois davlatning ichki ishlash mexanizmini, qaysi harakatni qaysi maqsadda, nimani nima uchun qilayotganini geostrategik masalalarda butun dunyoga oshkor qiladigan vaziyatda emasmiz."
O‘tmishda Usmonli imperiyasi chegaralari ichidagi hududlarda olib borilgan kurashlar bilan bugungi kunda boshqa davlatlarda amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan harbiy faoliyatlarni bir-biridan farqlash kerakligini urg‘ulagan Fidan so‘zini davom ettirdi:
"Yamanning o‘zi alohida milliy davlat, uning shimolida Saudiya Arabistoni bor. Uning tepasida Iordaniya, Suriya bor — bizga yetib kelguncha 4-5 ta davlat bor. Hozir biz xavfsizlik ittifoqi tuzganmiz, bu xavfsizlik ittifoqi doirasida mas’uliyatlarimiz, qilishimiz kerak bo‘lgan ishlar bor va biz bu xavfsizlik ittifoqi mintaqaning eng muhim vositasi ekanini doim aytamiz. Bu xavfsizlik ittifoqi kimgadir qarshi bo‘lish uchun tuzilmayapti. Ittifoqqa a’zo davlatlar bir-biriga ishonch bag‘ishlaydi."
"Makka ittifoqining eng muhim tayanchlaridan biri — mudofaa sanoati sohasidagi hamkorlik"
Mintaqadagi ko‘plab muammolar doimiy ittifoqlar tizimi yo‘qligidan kelib chiqayotganini aytgan Fidan, buning sabablaridan biri mintaqadagi milliy davlatlarning kech shakllanganida ekanini ta’kidladi.
Yaqin Sharqdagi milliy davlatlar juda yosh ekaniga ishora qilgan Fidan, u yerdagi kuchlar muvozanati, sarmoyalar va ayniqsa Ko‘rfazdagi munosabatlar qaror topishi ancha vaqt olganiga e’tibor qaratdi.
Turkiya juda uzoq vaqtdan beri Saudiya Arabistoniga mudofaa sanoati mahsulotlarini sotayotganini eslatgan Fidan shunday dedi:
"Makka ittifoqining eng muhim tayanchlaridan biri mudofaa sanoati sohasida olib boradigan hamkorligimizdir. Chunki biz buning azobini ko‘p tortganmiz. Deylik, Amerika ko‘p urushlarga kirgan davlat, rivojlantirgan imkoniyatlari bor va biz bundan 15 yil avval terrorizmga qarshi kurashayotganimizda ayrim texnologiyalarga muhtoj edik, sotib ololmasdingiz. Pulingiz bor, olmoqchisiz. Terror 10 yilda tugash o‘rniga 2 yilda tugaydi, lekin ular sotmaydi."
Turkiya o‘z urushlarini olib borish jarayonida o‘z texnologiyasi va salohiyatini rivojlantirganiga e’tibor qaratgan Fidan, bu imkoniyatlarni qaysi davlatlar bilan baham ko‘rish nafaqat iqtisodiy, balki strategik tanlov ekanini ta’kidladi.
Pokiston, Saudiya Arabistoni va Turkiyadan tashqari, kelgusida mintaqaning boshqa davlatlari ishtirokida rivojlantiriladigan iqtisodiy hamkorlikning muhimligiga ishora qilgan Fidan: "Bizning hozirgi siyosatimiz Saudiya Arabistoni mudofaasiga qaratilgan, Yaman ichida harbiy kuch joylashtirish bo‘yicha qabul qilingan qaror yo‘q. Ammo Saudiya Arabistonini mudofaa qilishda zarur yordam ko‘rsatilmoqda", — deya baho berdi.
"Gap urushishga kelganda bilgan joyimizdan savol tushadi"
NATOning 5-moddasi ittifoq tarixida juda kam qo‘llanilganiga e’tibor qaratgan Fidan: "Afg‘onistonga ketayotganda 'Afg‘oniston tog‘larida amerikalik askarlar kabi o‘ladi' degan tanqid eshitdingizmi bu yerda? Endi nega yo‘q joydan bunday mavzu chiqyapti? NATOda bo‘lganda muammo yo‘q-u, Makka mudofaa ittifoqida, boriladigan joy ham musulmon o‘lka bo‘la turib nega bunday gaplar chiqadi?" — dedi.
Mudofaa ittifoqi doirasida 5-modda ishga tushishi va yalpi urush holati yuzaga kelishi uchun tahdidni baholash, qo‘shma razvedka faoliyati va mudofaa rejalashtiruvi kabi ko‘plab bosqichlardan o‘tish kerakligini ta’kidlagan Fidan: "Saudiya Arabistoni hozirda Yaman masalasida 30 ga yaqin davlat bilan hamkorlik qilmoqda. Bizdan ancha oldin bu borada hamkorlikni boshlagan davlatlar bor. Bilasiz, AQSH, Buyuk Britaniya va ayrim Yevropa davlatlari Yamandagi nishonlarni necha marta bombardimon qilganini bilmayman. Husiylarga tegishli nishonlarni qayta-qayta bombardimon qilishdi. Voqealar esa hamon davom etmoqda", — dedi.
Saudiya Arabistoniga qaratilgan raketa hujumlari o‘tmishda xalqaro hamjamiyatning yetarlicha e’tiborini tortmaganini eslatgan Fidan, husiylar Bob al-Mandab bo‘g‘ozidagi dengiz qatnovini nishonga olgach, Yaman masalasi global miqyosdagi strategik xavfsizlik muammosiga aylanganini va shundan so‘ng xalqaro hamjamiyatning mintaqaga e’tibori ortganini qayd etdi.
Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an, Milliy mudofaa vaziri Yashar Guler, Turk razvedkasi va diplomatlari qaysi masalaga qanday baho berishni yaxshi bilishini aytgan Fidan: "Qolaversa, biz endi urush nimaligini biladigan xalqmiz. Har holda urush bizning ishimiz. Ko‘p urushdik. Alloh urushdan uzoq tutsin, ammo gap urushishga kelganda bilgan joyimizdan savol tushadi. Xavotir olmang", — deya ta’kidladi.
Mudofaa ittifoqi doirasida Turkiyaning har qanday harbiy operatsiyada ishtirok etishi avtomatik tarzda amalga oshmasligi, buning uchun texnik va huquqiy jarayonlar o‘tashi kerakligini tushuntirgan Fidan, xorijga qo‘shin yuborish va harbiy vazifalarni bajarish uchun TBMM qarori talab etilishini qayd etdi hamda Turkiyaning Suriya, Iroq, Somali va Livandagi harbiy ishtiroki, shuningdek, xalqaro suvlardagi vazifalari uchun ham parlamentdan mandat (tezkere) olinganini eslatdi.
R4+E4 ikkinchi uchrashuvi Berlinda bo‘lib o‘tadi
Mintaqaviy muammolarni hal qilishda an’anaviy diplomatik usullar muzokara stollarini ma’nosiz qilib, behuda rasmiyatchilik yaratayotganini aytgan Fidan, davlatlar rasmiy muzokara jarayonlaridan tashqarida ham majburiyat yuklamaydigan, ochiq va samimiy muloqot o‘tkaza oladigan platformalarga muhtoj ekanini bildirdi.
R4 platformasi G‘azodagi genotsidni to‘xtatish maqsadida Turkiya yetakchiligida Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) va Arab davlatlari ligasi tarkibida tuzilgan sakkizlik guruhi faoliyatidan kelib chiqqanini aytgan Fidan so‘zini davom ettirdi:
"Biz kabi Falastin masalasiga munosabat bildirgan davlatlar bo‘ldi, ammo mavzu arablar zimmasiga yuklab qo‘yildi. Men Islom hamkorlik tashkilotida aytdim: bu masala arablarga tashlab qo‘yiladigan darajada kichik masala emas. Bu yerda haqiqatan ham arablarga nisbatan adolatsizlik qilinyapti. Agar bu butun islom olamiga daxldor bo‘lsa, butun islom dunyosining vijdonini harakatga keltirayotgan bo‘lsa, har bir birodarimiz qo‘lini tosh ostiga qo‘yishi shart. Ya’ni bu yerdan turib mening munosabat bildirishim yetarli emas. Diplomatik jihatdan faol kirishishimiz kerak."
Bu hamkorlik ham yangi diplomatik usullarni rivojlantirishda, ham Isroilni burchakka taqashda naqadar samarali ekani ko‘ringanini va Makka ittifoqi hamda Mintaqa vizyon hujjati kabi amaliy tashabbuslarga zamin yaratganini ta’kidladi.
Eronning yadroviy dasturiga oid masalalarni AQSH va BMT doirasida ko‘rib chiqish mumkinligini aytgan Fidan, Eron bilan bog‘liq boshqa mintaqaviy muammolar bevosita mintaqa davlatlari tomonidan muhokama qilinishi lozimligini bildirdi.
Mintaqaviy muammolar yechimi o‘tmishda gegemon kuchlarga tashlab qo‘yilganini, biroq mintaqa davlatlari o‘z muammolariga yechim topish irodasini shakllantirishi muhim ekanini aytgan Fidan, Yevropa davlatlari ham shunga o‘xshash izlanishda ekaniga ishora qildi.
AQSHning Yevropa xavfsizligidagi rolini qisqartirishi ortidan Yevropa o‘z xavfsizligini qanday ta’minlash savoli qarshisida qolganini aytgan Fidan, 5 yildan beri davom etayotgan va juda ko‘p insonlar hayotiga zomin bo‘lgan Rossiya-Ukraina urushi Yevropa uchun jiddiy xavfsizlik sinovi bo‘layotganini urg‘uladi.
Ikki mintaqadagi inqirozlarning o‘zaro ta’siri yuzaga kelayotgan xarajatlarni tobora oshirayotganini, shu sababli turli geografiyalardagi muammolarni nafaqat o‘z mintaqaviy platformalarida, balki qo‘shma mexanizmlar orqali ham ko‘rib chiqish kerakligini qayd etdi.
Shu yondashuv asosida Yevropa to‘rtligi va mintaqaviy to‘rtlikni Istanbulda birlashtirganlarini aytgan Fidan: "Ikkinchi uchrashuvni kelasi oy, inshaalloh, Germaniyaning Berlin shahrida o‘tkazamiz, reja shunday. Agar hammasi ko‘ngildagidek ketsa", — dedi.
R4-E4 formatidagi uchrashuvlar majburiyat yuklamaydigan, ochiq va erkin munozaralarga asoslanishini aytgan Fidan: "Haqiqatan ham har bir davlat o‘z siyosiy sezgirligidan kelib chiqib ayrim masalalarni juda ochiq ayta oladi. Ayrimlarini ayta olmaydi, lekin bir stol atrofida to‘planganimizda hammaning qarashi bir xil ekanini ko‘ramiz", — deya baho berdi.
G20 yetakchilar sammiti oldidan har yili tashqi ishlar vazirlari va moliya vazirlari ishtirokida ikkita alohida yig‘ilish o‘tkazilishini eslatgan Fidan so‘zini davom ettirdi:
"Tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishiga Atlantaga borganimizda u yerda 3 ta masala bor edi. Birinchisi — energetika xavfsizligi; ikkinchisi — o‘zaro bog‘liqlik (kommunikatsiya yo‘llari), yopilayotgan bo‘g‘ozlar va ularning muammolari; uchinchisi — geografik inqirozlar. Endi ana shu bog‘liqlikka asoslangan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi, Istanbul bo‘g‘ozlari, Gibraltar, Malakka, Panama kanali kabi joylar bo‘yicha universal deklaratsiya qabul qilaylik, hammamiz imzo chekaylik va bu majburiy qoida bo‘lsin, degan taklifni kiritdik. Bu yerda ishlab, 'dunyodagi sharoitlar, urushlar qanday bo‘lishidan qat’i nazar, ushbu o‘tish nuqtalari hech qanday tarzda tijoriy qatnov uchun yopilishi mumkin emas' degan tashabbus bilan chiqishimiz mumkin."
R4-E4 platformasidagi uchrashuvlar nafaqat mavjud muammolarga umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish bilan cheklanishini, balki bu mexanizm kelgusida davlatlar o‘rtasida yangi hamkorlik sohalari, turli vazifalar taqsimoti va birgalikda harakat qilish shakllarini yuzaga chiqarishi mumkinligini aytdi.
"G‘azo masalasi biz unuttirmagan va unuttirmaydigan mavzudir"
G‘azodagi gumanitar inqiroz so‘nggi paytlarda yuz bergan suv toshqini ofati bilan yanada og‘irlashganini aytgan Fidan: "Hozir bilasiz, tinchlik kelishuvining ayrim bandlari kuchga kirib, bu genotsidning faol bosqichi to‘xtadi, endi muayyan nishonli o‘ldirishlar davom etmoqda. Ichkariga kutilgan miqdorda bo‘lmasa-da, ma’lum darajada oziq-ovqat kiryapti. Ya’ni hech bo‘lmaganda oziq-ovqat kirmoqda, lekin uning o‘zi yetarli emas", — dedi.
G‘azoda boshpana ehtiyojini ham qondirish zarurligini ta’kidlagan Fidan, Prezident Erdo‘g‘anning topshirig‘i bilan Turkiyada zilzilada foydalanilgan konteynerlarni mintaqaga yuborish uchun AFAD, Qizil Yarim Oy va diplomatlar jiddiy sa’y-harakat qilganini aytdi.
Konteynerlar metalldan yasalgani va HAMAS tomonidan qurol tayyorlashda ishlatilishi mumkinligi bahonasi bilan Isroil ularning kirishiga ruxsat bermayotganiga e’tibor qaratgan Fidan, beton, temir va po‘lat kabi qurilish materiallariga qo‘yilgan cheklovlar G‘azodagi uylarni ta’mirlash va yangi boshpanalar qurishga to‘sqinlik qilayotgani sababli g‘azoliklar matoli chodirlarda yashashga majbur bo‘layotganini bildirdi.
Suv toshqini, bo‘ron va sovuq ob-havo sharoitlari mavjud gumanitar inqirozni yanada chuqurlashtirayotganini qayd etdi.
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu saylovlar oldidan mazkur cheklovlarni yumshatishi kutilmayotganini aytgan Fidan, saylovlardan so‘ng G‘azoga gumanitar yordam va qayta tiklash jarayonlarida yana jonlanish kuzatilishi mumkinligini bildirdi.
Eron, AQSH va Ko‘rfazda yuzaga kelgan inqirozlar G‘azo masalasida diplomatik tashabbus ko‘rsatayotgan Saudiya Arabistoni, Iordaniya, Qatar va Misr kabi davlatlarning o‘z muammolariga chalg‘ishiga sabab bo‘lganini aytgan Fidan: "Biz Turkiya sifatida buni doimiy ravishda kun tartibida ushlab turibmiz. Bunda hech qanday muammomiz yo‘q. Har bir nutqimizda, har bir tashabbusimizda, qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, har bir platformada G‘azo masalasi biz unuttirmagan va unuttirmaydigan mavzudir", — dedi.
"Suriyada barqaror davom etayotgan jarayon bor"
Suriyada barqarorlashuv jarayoni qanday ketayotgani haqidagi savolga Fidan: "Suriyada, shukrki, haqiqatan ham barqaror, ishonchli qadamlar bilan ketayotgan, ammo vaqti-vaqti bilan biroz sekin kechayotgan jarayon bor. Chunki vayronagarchilik juda katta edi", — deb javob berdi.
Suriyada institutlar va tizimlar ham yo‘q qilinganini ta’kidlagan Fidan, umidni qayta tiklash vaqt talab etishini va iqtisodiyot o‘nglanishi uchun Suriya aholisining o‘z yurtiga qaytishi muhim ekanini aytdi.
Suriyaning tiklanishi uchun xalqaro sanksiyalar bekor qilinishi muhimligiga ishora qilgan Fidan: "Suriya hukumati va rahbariyati xalqaro maydonda mas’uliyatli yondashuv namoyon etmoqda", — dedi.
Suriyaning mintaqada muammo, terror yoki tajovuzkorlik keltirib chiqarmaslikka qaratilgan siyosati Turkiya pozitsiyasi bilan to‘liq mos kelishiga e’tibor qaratgan Fidan: "Ichkarida qiyinchiliklar bor edi. SDG masalasi bor edi. SDG Turkiyada olib borilayotgan jarayonning ham bir qismi bo‘lib, uning ham Turkiyadagi jarayonga, ham Suriyadagi jarayonga ta’sir qiluvchi jihati bor edi va bu har ikki yo‘nalishga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan yakun sari rivojlandi", — deya baho berdi.
"Isroil parchalangan qo‘shnilarni ko‘rishni xohlaydi"
"Muammo — Isroilning mintaqadagi asosiy niyatini Suriyada ham qo‘llash muammosidir. U nima? Isroil kuchli qo‘shnilarni ko‘rishni istamaydi. Muammolar ichida, parchalangan qo‘shnilarni ko‘rishni xohlaydi", — degan Fidan mintaqadagi to‘qnashuvlar va qiyinchiliklar Suriyadagi tiklanish jarayoni cho‘zilishiga ham ta’sir qilayotganini urg‘uladi.
Vazir Fidan: "(AQSH Prezidenti Donald) Tramp birinchi marta hokimiyatga kelganida haqiqatan ham necha marta so‘radi: bu yerda turishimizning bizga nima foydasi bor, deb. 'Nega men bu yerda PKKni qo‘llab-quvvatlayapman? Menga kimdir buni tushuntirib bersin. Nega bu yerda askar ushlab turibman, nega pul sarflayapman?' U buyruq berganiga qaramay, birinchi muddatida bu amalga oshmadi", — dedi.
Isroil mintaqada AQSH kuchidan "buldozer" sifatida foydalanganini aytgan Fidan: "Mintaqada Isroil o‘z maqsadiga erishish uchun Amerika kuchidan ko‘p yillar davomida buldozer sifatida foydalandi. Buni ma’lum inqirozlar, ayrim tashkilotlar va tuzilmalar ortiga yashirdi. Shunday davom etdi, lekin bundan buyon buni butun mintaqa biladi", — deya baho berdi.
Qora dengizda savdo kemalariga hujumlar
Qora dengizda davom etayotgan urush savdo kemalariga ham ta’sir ko‘rsatayotganini aytgan Fidan, urushning shiddati va ko‘lami tobora ortib borayotganini bildirdi.
Qora dengiz bo‘yicha Transport vazirligi e’lon qilgan ogohlantirishlar borligini eslatgan Fidan, Turkiya belgilagan siyosiy doira va trevoga darajasiga parallel ravishda Harbiy-dengiz kuchlari qo‘mondonligi ham hudud to‘qnashuv maydoni ekani haqida ogohlantirishlar berganini aytdi.
Fuqarolar bo‘lgan kemalarga qaratilgan hujumlar yuzasidan ko‘p qirrali ish olib borilayotganini qayd etgan Fidan, Rossiya va Ukraina bilan, shuningdek, sohil xavfsizlik bo‘linmalari va Transport vazirligining tegishli tuzilmalari bilan jadal ish olib borilayotganini bildirdi.
Fidan: "Bizning tavsiyamiz — fuqarolarimiz bo‘lgan kemalarning urush hududiga kirmasligi. Chunki bu yerda har kuni nishonga olinayotgan kemalar bor va endi har ikki tomon ham bu kemalarga zarba berishini e’lon qilgan", — dedi.
Dekabrda Turkiya-Afrika hamkorlik sammiti bo‘lib o‘tadi
Dekabr oyida Liviyada bo‘lib o‘tadigan Turkiya-Afrika hamkorlik sammitiga to‘xtalgan Fidan: "Bu sammit juda muhim bo‘ladi", — deya baho berdi.
Prezident Erdo‘g‘an BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasi Tomonlar konferensiyasining 31-sessiyasi (COP31) doirasida Liviya Bosh vaziri Abdulhamid Dbaybani qabul qilganini va bugun ham Dbayba bilan uchrashganliklarini aytgan Fidan: "(Antaliyada) Juda samarali muzokaralar o‘tkazdik va u yerda ham ko‘rdikki, u ham hayajon bilan Prezidentimizning Liviyaga kelishini kutmoqda", — dedi.
Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an uzoq yillardan so‘ng Liviyaga tashrif buyurishini aytgan Fidan Turkiyaning Liviyadagi roliga to‘xtalib, Liviyadagi urush paytida G‘arb tomonini himoya qilishda va Milliy birlik hukumatining butunlay yo‘q bo‘lib ketishining oldini olishda Prezident Erdo‘g‘an asosiy aktyor bo‘lganini ta’kidladi.
Fidan: "(Liviyada) Biz urushda tomon tutib jang qildik, ammo tinchlikni qaror toptirish va yana urush chiqmasligi uchun ham juda jiddiy, yuqori saviyali diplomatiya hamda taktikalar majmuini namoyon etdik", — dedi.
Liviyaning sharqi bilan ham munosabatlar mustahkamlanganini aytgan Fidan: "Sharq bilan munosabatimizni deyarli G‘arb darajasiga olib chiqdik. O‘zaro ishonchni oshirdik. Endi har ikki tomon bilan munosabatlardan mamlakatni birlashtirish uchun foydalanyapmiz", — dedi.
"Prezident Erdo‘g‘anning Liviya tashrifi ramziy jihatdan muhim"
"Endi barcha tomonlar buni biladi. Prezidentimizning u yerga borishi ramziy ma’noda nihoyatda muhim", — degan Fidan Liviya xalqi va hukumati buni kutayotganini aytdi.
Turkiyaning Liviya markazli Afrika Ittifoqi — Turkiya sammitini o‘tkazishi muhimligiga e’tibor qaratgan Fidan: "Afrikaga nisbatan yaxlit strategiya tuza oladigan davlatlar juda kam", — dedi.
Turkiya so‘nggi yillarda Afrika davlatlari bilan mudofaa sohasidagi hamkorlikni rivojlantirayotganiga to‘xtalgan Fidan: "So‘nggi 4-5 yilda bizdan mudofaa hamkorligi kutayotgan davlatlar bo‘yicha ham jiddiy siyosatimiz bor. Bu yerda mustamlakachilik yoki hukmronlik faoliyati emas, haqiqiy hamkorlik mavjud", — dedi.
Shengen vizasi
Shengen vizasi muhim masala ekanini ta’kidlagan Fidan, 2025-yilda taxminan 1,2–1,3 million nafar fuqaro Shengen vizasiga murojaat qilganini aytdi.
Shengen murojaatlarida har 100 ta arizadan 85–86 tasi ma’qullanganini, 14–15 tasi esa rad etilganini qayd etdi.
Yevropada o‘ta o‘ng qanot migratsiya siyosati orqali hukumatlarga bosim o‘tkazayotganini aytgan Fidan, bu ko‘plab davlatlarda viza siyosati qat’iylashishiga olib kelganini, ayniqsa yoshlar va talabalar bundan zarar ko‘rayotganini bildirdi.
Talabalar harakatchanligiga cheklovlar qo‘yilganini ta’kidlagan Fidan: "Ayniqsa, o‘qishga qabul qilingan yoshlarimizning viza olishi kechikayotganini ko‘rganimiz sari, ularga ham markazdan, ham joylardan jiddiy aralashuv bilan yordam bermoqdamiz — farzandlarimizning bir yili kuyib ketmasin deb", — dedi.
Vizasiz rejim jarayoniga to‘xtalar ekan, Fidan quyidagilarni qayd etdi:
"Vizasiz rejim kuchga kirishi uchun yakunlashimiz kerak bo‘lgan bir nechta masala bor. Buni parlamentdan o‘tkazishimiz lozim. Bu ishni amalga oshirish uchun Prezidentimiz ham topshiriq bergan. Idoralararo ishlar ham Javdat Bey (Vitse-prezident Javdat Yilmaz) rahbarligida yakuniga yetgan..."














