Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘an kecha Liviya Milliy armiyasi qo‘mondoni Xalifa Haftarni poytaxt Anqarada qabul qilishi ortidan, Liviyaning sharqidagi ma’muriyat vakillaridan Turkiyaga nisbatan mamnunlik bayonotlari qayd etildi.
Prezident Erdo‘g‘an kecha Liviya Milliy armiyasi qo‘mondoni Xalifa Haftar, uning o‘g‘illari — Liviya Milliy armiyasi qo‘mondoni o‘rinbosari Saddam Haftar, Bosh shtab boshlig‘i Xolid Haftar hamda Liviya taraqqiyot va qayta qurish jamg‘armasi rahbari Belkasim Haftarni Anqarada qabul qildi.
Erdo‘g‘an bilan Haftar uchrashuvi ortidan Liviyaning sharqidagi ma’muriyat vakillari Turkiya Prezidenti va mamlakatga minnatdorchilik hamda mamnunlik izhor etishdi.
Liviya Milliy armiyasi bayonotiga ko‘ra Xalifa Haftar uchrashuv davomida Erdo‘g‘anga samimiy kutib olish va mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirgan.
Shuningdek, u Anqaraga tashrifi Liviya va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlash hamda hamkorlik imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida amalga oshirilganini ta’kidlagan.
«Turkiyaning Liviya birligini qo‘llab - quvvatlovchi konstruktiv yondashuvini qadrlaymiz»
Liviya Milliy armiyasi qo‘mondoni o‘rinbosari Saddam Haftar ham ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Liviya - Turkiya munosabatlarida yangi bosqich boshlanganini qayd etdi.
U Turkiyaning Liviya birligini qo‘llab - quvvatlovchi konstruktiv yondashuvini yuqori baholashlarini va uni to‘liq qo‘llab - quvvatlashlarini bildirdi.
«Turkiya Respublikasi bilan bugun yo‘lga qo‘ygan ushbu jarayon joriy davr sharoitlari bilan bog‘liq baholashlardan ancha kengroq mazmunga ega. U mintaqaviy va xalqaro o‘zgarishlarni hisobga olgan holda, ikki davlatning O‘rta yer dengizi havzasidagi mavqei taqdim etayotgan siyosiy, harbiy, xavfsizlik va iqtisodiy hamkorlik imkoniyatlaridan o‘zaro hurmat va manfaatlar asosida foydalanishga, shuningdek, mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlashdagi rolini kuchaytirishga qaratilgan uzoq muddatli strategik qarashlarga asoslanadi», — dedi Saddam Haftar.
Liviya taraqqiyot va qayta qurish jamg‘armasi rahbari Belkasim Haftar esa mahalliy telekanalga bergan intervyusida Prezident Erdo‘g‘an bilan uchrashuvda turk kompaniyalarining Liviyadagi roliga alohida urg‘u berilganini ifoda etdi. Uning ta’kidlashicha, yaqin davrda turk kompaniyalari Liviyaga yanada keng ko‘lamda kirib keladi.
Haftarning Turkiyaga tashrifidan ko‘p o‘tmay, Liviya Vakillar palatasi tomonidan tayinlangan Bing‘ozidagi hukumat Turkiya fuqarolari uchun Liviya vizasi bekor qilinganini e’lon qildi.
Bing‘ozidagi hukumat bosh vaziri Usama Hammad chiqargan qarorga ko‘ra Turkiya fuqarolari uchun viza va tegishli yig‘imlar bekor qilindi. Ushbu qadam Liviya - Turkiya munosabatlarini qo‘llab - quvvatlash, iqtisodiy hamkorlik imkoniyatlarini kengaytirish hamda ikki do‘st xalq o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish istagining ifodasi ekani ta’kidlandi.
Ma’lumot uchun, Liviyada hozirda ikkita hukumat faoliyat yuritmoqda. Ulardan biri BMT tomonidan ham tan olingan Tripolidagi Milliy birlik hukumati bo‘lsa, ikkinchisi Liviya Vakillar palatasi tomonidan tayinlangan va Bing‘ozida joylashgan hukumatdir.














