Misrda Napoleonning 228 yil avval cho‘kib ketgan flotiga oid tarixiy eksponatlar namoyish etilmoqda.
Ko‘rgazmada qurol-yarog‘lar, tangalar, idish-tovoqlar hamda cho‘kkan kemalar qoldiqlari o‘rin olgan.
Bundan 228 yil muqaddam O‘rta yer dengizidagi Nil jangida cho‘kib ketgan fransuz sarkardasi Napoleon Bonapart flotiga tegishli noyob topilmalar Misr sivilizatsiyasi milliy muzeyida ziyoratchilar e’tiboriga havola etilmoqda.
Misr Turizm va qadimiy yodgorliklar vazirligi tomonidan poytaxt Qohiradagi Misr sivilizatsiyasi milliy muzeyida «Napoleon floti: dengiz hikoyalari» mavzusida ochilgan ko‘rgazmada O‘rta yer dengizi tubidan ko‘tarilgan tarixiy yodgorliklar namoyishga qo‘yilgan.
Suv osti tarixiy yodgorliklari bosh boshqarmasi tashkil etilganining 30 yilligi munosabati bilan Suv osti madaniy merosi kunida ochilgan mazkur ko‘rgazma doirasida 1798-yildagi Nil jangi paytida Misr shimolidagi Iskandariya sohillari yaqinida cho‘kib ketgan fransuz kemalarining qoldiqlari o‘rin olgan.
Ekspozitsiyadan qurol-yarog‘lar, tangalar, likopcha va sanchqi kabi maishiy buyumlar hamda kemalarning vayron bo‘lgan qismlari joy olgan.
Ko‘rgazma 1798–1801-yillarda fransuzlar tomonidan amalga oshirilgan Misr yurishi chog‘ida ingliz admirali Goratsio Nelson qo‘mondonligidagi flotning fransuz eskadrasini tor-mor etib, kemalarining bir qismini cho‘ktirib yuborgan Nil jangi tarixiga oydinlik kiritadi.














