AQSh portlari va yuk tashuvchi kemalari kiberhujumlarning tobora kuchayib borayotgan to‘lqiniga duch kelmoqda. Xakerlar global savdoning asosini tashkil etuvchi ushbu muhim infratuzilmaga kirib olish uchun har kuni minglab urinishlar qilmoqda.
So‘nggi oylarda hujumlar soni ham, ularning murakkablik darajasi ham keskin oshgan. Portlar, neft tankerlari va yirik yuk tashish kompaniyalari tobora ko‘proq kiberjinoyatchilar hamda dushman davlatlar bilan bog‘liq guruhlarning nishoniga aylanmoqda.
Texas shtatidagi Korpus-Kristi porti AQShdagi eng yirik xom neft eksporti markazi hisoblanadi. Port rahbarlari Financial Times nashriga bergan intervyusida ularning tarmoqlariga har kuni yuzlab, ba’zan esa minglab xakerlik hujumlari uyushtirilayotganini ma’lum qilgan.
Kuniga qariyb 2,3 million barrel xom neft eksport qiluvchi mazkur port xodimlarni aldash (fishing) orqali tizimlarga kirib olishni maqsad qilgan xakerlar e’tiborini tortmoqda.
Mutaxassislar Eron, Shimoliy Koreya va Xitoy kabi davlatlarni yuk tashish infratuzilmasiga qaratilgan kiberoperatsiyalar bilan bog‘laydi. Shieldworkz kiberxavfsizlik kompaniyasi ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya bilan bog‘liq Noname057(16) xakerlik guruhi oktyabr oyida Yevropa operatorlariga tahdid qilgan. Biroq hujumchilar odatda operatsiyalarini uchinchi davlatlar orqali amalga oshirib, o‘z izlarini yashiradi.
Yaqinda yuz bergan texnik nosozliklar ham AQShning muhim infratuzilmasidagi zaif jihatlarni ko‘rsatib berdi. Jumladan, mamlakat bo‘ylab havo harakati to‘xtab qolgan, Chase bankida dasturiy xatolik yuz bergan va Microsoft'ning Outlook xizmati qariyb 24 soat davomida ishlamagan. Garchi ushbu holatlarning birortasi kiberhujum bilan bog‘lanmagan bo‘lsa-da, tizimlardagi nozik nuqtalarni ochib berdi.
Shunga qaramay, bu voqealar sun’iy intellekt rivoji xakerlarga tizimlardagi zaifliklarni kompaniyalar chora ko‘rishidan ham tezroq aniqlash va ulardan foydalanish imkonini berishi mumkinligi borasida jiddiy xavotir uyg‘otdi. O‘tgan haftada Federal qidiruv byurosi (FQB) xakerlar kiberhujumlarni avtomatlashtirish uchun Artex nomli sun’iy intellekt vositasidan foydalanayotgani haqida ogohlantirgan edi.
Nyu-York va Nyu-Jersi port ma’muriyati kiberxavfsizlikni mustahkamlashga qo‘shimcha mablag‘ yo‘naltirayotganini bildirdi. Matbuot kotibining so‘zlariga ko‘ra, uzilishlar paytida yuk operatsiyalari to‘xtab qolmasligi uchun «bir nechta mustaqil himoya qatlami» va «terminal operatorlari hamda hamkorlar bilan birgalikda ishlab chiqilgan tiklash rejalari» mavjud.
Oklend porti esa milliy xavfsizlik bilan bog‘liq xavotirlarni sabab qilib, «kiberxavfsizlik tizimi yoki himoya choralari» haqida izoh berishdan bosh tortdi.
Korpus-Kristi porti Vashingtondan qo‘shimcha yordam so‘rayotganini ma’lum qildi, biroq so‘nggi hodisalar yuzasidan batafsil ma’lumot berishdan tiyildi.
«Agar himoyalanayotgan bo‘lsangiz, har safar xatosiz harakat qilishingiz shart. Hujum uyushtirayotgan tomonga esa birgina muvaffaqiyatli urinish kifoya», — dedi port bosh direktori Kent Britton.
Manba: Financial Times














