TURKIYA
2 daqiqa o'qish
ASELSANning "GO'KDENIZ" tizimi jangovar sinovdan muvaffaqiyatli o‘tdi
ASELSAN kompaniyasining "GO'KDENIZ" tizimi Qora dengizda o‘tkazilgan jangovar o‘q uzish sinovida mo'ljalni aniq nishonga oldi.
ASELSANning "GO'KDENIZ" tizimi jangovar sinovdan muvaffaqiyatli o‘tdi
Gokdeniz ilg‘or sensorlarni tezkor javob beruvchi qurol tizimi bilan o‘zida birlashtiradi. / AA
 

Turkiyaning «Aselsan» mudofaa kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan «Gokdeniz» yaqin masofali havo hujumidan mudofaa tizimi Qora dengiz sohilida o‘tkazilgan jangovar o‘q otish sinovi davomida harakatlanuvchi havo nishonlarini aniqladi, kuzatuvga oldi va yakson qildi.

Mazkur tizim uchuvchisiz uchish apparatlari (UUA), kemalarga qarshi raketalar hamda kichik o‘lchamli, yuqori tezlikda uchuvchi va manevrchan havo nishonlari tomonidan ortib borayotgan tahdidlarga qarshi kurashish uchun yaratilgan.

Sinov chog‘ida «Gokdeniz» turli yo‘nalish va balandliklardan yaqinlashayotgan nishonlarga qarshi qo‘llanildi. Ushbu nishonlar yuqori tezlikdagi reaktiv dronlar va qanotli raketalarni imitatsiya qilgan.

Jangovar muhitga yaqin sharoit yaratish maqsadida sinov paytida harbiy kema soatiga 5–10 uzel (taxminan 9,3–18,5 kilometr/soat) tezlikda harakatlanib turdi.

Sinov rejimida «Gokdeniz» nishonni aniqlash, kuzatish va o‘q uzishga tayyorlanish bosqichlarini avtomatik tarzda bajardi. Operator esa faqat tegishli tugmani bosish orqali o‘q uzishga ruxsat berdi.

Ushbu jarayonlarni avtomatlashtirish orqali «Gokdeniz» dengizdagi har bir soniya hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan vaziyatlarda reaksiya vaqtini qisqartiradi hamda tezkor aniqlash, aniq kuzatish va samarali zarba berishni ta’minlaydi.

Bundan tashqari, tizim to‘liq avtonom rejimga ham ega bo‘lib, unda o‘q uzishni o‘z ichiga olgan barcha jarayonlar inson aralashuvisiz amalga oshiriladi.

Ilg‘or sensorlarni tezkor qurol majmuasi bilan birlashtirgan «Gokdeniz» harbiy kemalarni yangi avlod havo tahdidlaridan yaqin masofada himoyalovchi ishonchli qalqon vazifasini o‘taydi.

Yaqinda «Aselsan» kompaniyasi «Euronaval» ko‘rgazmasida «Gokdeniz»ning konteynerga joylashtirilgan va istalgan platformaga o‘rnatish mumkin bo‘lgan talqinini ham namoyish etdi. Bu esa tijorat kemalarini himoyalashda moslashuvchan yechim hisoblanadi.

Turkiya Harbiy-dengiz kuchlari hamda yana olti davlatning harbiy-dengiz flotlari tomonidan tanlangan «Gokdeniz» tizimi eksport salohiyati jadal o‘sib borayotgan «Aselsan»ning jahon mudofaa bozoridagi mavqeini yanada mustahkamlashda davom etmoqda.

Manba: Aselsan taqdimoti asosida tayyorlandi.