Yakshanba kuni kechqurun Berlinning Lixtenberg tumanidagi kasalxona palatalaridan birida yong‘in chiqishi oqibatida 15 kishi jarohat oldi. Shahar o‘t o‘chirish xizmati xabariga ko‘ra, jabrlanganlardan birining ahvoli og‘ir.
Rasmiylarning ma’lum qilishicha, yong‘in kasalxona binosining birinchi qavatidan boshlangan. Tutun binoning boshqa qismlariga tez tarqalgani sababli u yerdagi barcha odamlar to‘liq evakuatsiya qilingan. Shu bilan birga, o‘t o‘chiruvchilar olovni o‘chirish hamda ichkarida qolib ketgan insonlarni qidirish ishlariga kirishgan.
«Hayoti uchun xavfli darajada jarohat olgan bir kishi va og‘ir tan jarohati olgan yana bir bemor tez tibbiy yordam mashinalarida boshqa kasalxonalarga olib ketildi. Qolgan 13 nafar jabrlanuvchi yengil jarohat olgan bo‘lib, ularga voqea joyida tibbiy yordam ko‘rsatildi», — deyiladi Berlin o‘t o‘chirish xizmati bayonotida.
Yong‘in bartaraf etilib, bino tutundan tozalangach (shamollatilgach), o‘t o‘chiruvchilar voqea joyini politsiyaga topshirdi. Hozirda huquq-tartibot idoralari hodisa sabablarini aniqlash yuzasidan tergov boshlagan.
Yong‘in nimadan kelib chiqqani borasida hozircha qo‘shimcha tafsilotlar ochiqlanmagan.
Manba: Berlin o‘t o‘chirish xizmati bayonoti.















