SIYOSAT
1 daqiqa o'qish
Zelenskiy: Tinchlik muzokaralarida siljish yo‘q
Vladimir Zelenskiy AQSh Yaqin Sharqqa ko'proq e'tibor qaratayotgani va tinchlik muzokaralarida Rossiyaga yetarli darajada bosim o'tkazmayotganini ta'kidladi.
Zelenskiy: Tinchlik muzokaralarida siljish yo‘q
_
 

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Birlashgan Arab Amirliklari poytaxti Abu - Dabida 10–11-noyabr kunlari o‘tkazilgan tinchlik muzokaralarida sezilarli siljishga erishilmaganini ma’lum qildi.

Poytaxt Kiyevda BBC telekanaliga bergan intervyusida Zelenskiy AQSh Prezidenti Donald Trampning o‘z bayonotida Rossiya Davlat rahbari Vladimir Putinni «do‘stim» deb ataganini g‘alati deb hisoblashini bildirdi.

«U tajovuzkor va qotil. U mening do‘stim bo‘la olmaydi, aslo bo‘la olmaydi», — dedi Ukraina rahbari.

Zelenskiy Abu - Dabida o‘tkazilgan muzokaralarda sezilarli natijaga erishilmaganini qayd etib, muzokaralar dekabr oyida davom ettirilishini aytdi.

U muzokaralarda natijaga erishish uchun «Rossiyaga bosim o‘tkaza oladigan va haqiqatan yordam beradigan ittifoqchilar» - zarurligini ta’kidladi.

«AQSh qudratli, kuchli va nufuzli davlat sifatidagi obro‘siga munosib harakat qilishi kerak. Tinchlik muzokaralarida Rossiyaga yetarlicha bosim o‘tkazmayapti. Ularning Yaqin Sharqqa ko‘proq e’tibor qaratayotgani achinarli. Bu borada jiddiy savollarimiz bor», — dedi Zelenskiy.

Shuningdek, u Patriot havo hujumidan mudofaa tizimlarini yetkazib berishdagi kechikishlarga e’tibor qaratdi.

«Bu raketalarning yetishmasligi insonlar hayotiga xavf tug‘diradi», — deya ta’kidladi Ukraina Prezidenti.

Zelenskiy AQShning SpaceX kompaniyasiga tegishli Starlink sun’iy yo‘ldosh aloqa tizimi va harbiy maqsadlardagi Starshield xizmatiga nisbatan davom etayotgan cheklovlar Ukrainaning insonsiz havo transportlari (IHT) yordamida mudofaa olib borishiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini ham bildirdi.

Ukraina rahbari mamlakat og‘ir va xavfli qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rayotganini qo‘shimcha qildi.