Rossiya bilan Ukraina Qora dengizdagi dengiz orqali yuk tashish ishlari hamda energetika infratuzilmasiga qarshi kuchayib borayotgan hujumlar yuzasidan BMT Xavfsizlik kengashida bir - birini aybladi. Ayni paytda Moskva don kelishuvini qayta tiklash ehtimolini rad etdi.
Rossiya vakili dushanba kuni BMT Xavfsizlik kengashida Ukrainaning energetika infratuzilmasi va Qora dengizdagi dengiz orqali yuk tashish ishlariga bag‘ishlangan yig‘ilishda quyidagilarni ta’kidladi:
«Bu yerda hech kimda biz Ukraina oziq - ovqati evaziga G‘arb qurollarini olishdan boshqa ma’noni anglatmaydigan yangi don kelishuviga rozi bo‘lmasligimiz borasida shubha qolmasligi uchun bu masalaga batafsil to‘xtaldim».
Rossiya vakilining ta’kidlashicha, avvalgi don kelishuvi doirasida eksport qilingan donning atigi 3 foizi muhtoj mamlakatlarga yetib borgan, Ukraina qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining esa 70 foizgacha bo‘lgan qismi Yevropa ittifoqi va G‘arb bozorlariga yo‘naltirilgan.
Moskva Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy va Ukraina Qurolli kuchlarini «Pandora qutisini ochish»da aybladi. Rossiya tomonining iddao etishicha, Ukraina armiyasi iyul oyidan buyon Qora, Azov, Kaspiy, Boltiq va O‘rta yer dengizlarida 200 dan ortiq savdo kemasini nishonga olgan. Ushbu hujumlarda 12 nafar dengizchi halok bo‘lgan yoki yaralangan.
Rossiya vakili mamlakati «global oziq - ovqat xavfsizligining asosiy kafolatlovchilaridan biri» sifatida 160 ta davlatga oziq - ovqat yetkazib berishini ta’kidladi. Shuningdek, Rossiya «ehtimoliy don tanqisligini bartaraf etishga yordam berishga tayyor» ekanini bildirdi.
Ukraina Rossiyani aybladi
Ukraina vakili Rossiyani iyul oyining o‘rtalaridan buyon mamlakatning fuqarolik elektr tarmoqlarini nishonga olishda, butun mamlakat bo‘ylab deyarli barcha elektr stansiyalari va 800 dan ortiq energetika uskunalariga ziyon yetkazishda aybladi.
«Iyul oyining o‘rtalaridan buyon Rossiya Ukrainaning energetika tizimiga hujum qilmagan birorta ham kun bo‘lmadi», - dedi Ukraina vakili.
Uning ta’kidlashicha, noyabr oyidagi kuchli hujumlar uchta issiqlik elektr stansiyasini ishdan chiqargan va 850 mingdan ortiq odamni elektr ta’minotisiz qoldirgan.
Shuningdek, Zaporijya atom elektr stansiyasi tashqi elektr ta’minoti bilan aloqani 28 - marta qo‘ldan boy berganiga e’tibor qaratildi. Ukraina bu holat xalqaro tinchlik va xavfsizlik uchun jiddiy oqibatlarga ega bo‘lishiga qaramay, yetarlicha e’tibor qaratilmayotganini ta’kidlab, atom elektr stansiyasini zudlik bilan Kiyev nazoratiga qaytarishga chaqirdi.
Ukraina Energetikani qo‘llab - quvvatlash jamg‘armasi 41 ta donor hisobidan 2,6 milliard dollardan ortiq mablag‘ to‘plaganini bildirgan vakil quyidagilarni ta’kidladi:
«Biroq qish yaqinlashayotgan bir paytda eng katta ustuvor vazifamiz havo hujumidan mudofaa tizimidir. Bizga, ayniqsa, PAC - 3 tutib qoluvchi raketalari bilan jihozlangan ko‘proq Patriot tizimlari kerak».
Dengiz xavfsizligi masalasida esa Kiyev iyun va avgust oylari oralig‘ida fuqarolik kemalariga qarshi 89 ta hujum amalga oshirilganini ma’lum qildi. Taqqoslash uchun, 2025 - yil davomida bunday hujumlar soni 25 tani tashkil etgan.
Ukraina vakili Rossiyani «soya don floti» orqali donlarni talon - toroj qilishda ayblab, quyidagilarni ta’kidladi:
«Ukraina hududlaridan o‘g‘irlangan donni sotib olmaslik, aksincha, uni musodara qilish kerak».














