Prezident Donald Tramp Amerika Qo‘shma Shtatlari milliy xavfsizlik nuqtai nazaridan Grenlandiyaga ehtiyoj sezayotganini aytib, mintaqada Rossiya va Xitoy faolligi ortib borayotganini da’vo qildi.
Tramp AQSHning Florida shtatida jurnalistlarga bergan intervyusida, yarim avtonom hududni boshqaradigan Daniya yetarli darajada harbiy himoya ta’minlamayotganini ta’kidlab: "Milliy mudofaa uchun bizga Grenlandiya kerak", — dedi. Prezidentning ushbu bayonotlari Luiziana gubernatori Jeff Lendrini Vashingtonning Grenlandiya bo‘yicha maxsus elchisi etib tayinlaganidan so‘ng yangradi. Tramp Lendrini "ajoyib inson" va "kelishuvlar ustasi" deb ta’rifladi.
O‘z bayonotida Tramp shunday dedi: "Bizga Grenlandiya foydali qazilmalar uchun emas, milliy xavfsizlik uchun kerak. Agar Grenlandiyaga nazar tashlasangiz, uning sohili bo‘ylab yuqoridan pastgacha hamma joyda Rossiya va Xitoy kemalarini ko‘rasiz. Milliy xavfsizlik uchun bu hududga ega bo‘lishimiz shart. Grenlandiya — bu juda jiddiy masala".
Daniyaning munosabati
Ushbu so‘zlar Kopengagen va Nuukda (Grenlandiya poytaxti) keskin qarshilikka uchradi. Daniya Bosh vaziri Mette Frederiksen va Grenlandiya Bosh vaziri Yens-Frederik Nilsen qo‘shma bayonot berib, Grenlandiya o‘z xalqiga tegishli ekanini ta’kidladilar: "Siz boshqa bir davlatni anneksiya (bosib olish) qila olmaysiz. Hatto xalqaro xavfsizlik vajlari bilan ham buni amalga oshirib bo‘lmaydi. Grenlandiya grenlandiyaliklarga tegishli va AQSH Grenlandiyani o‘z nazoratiga olmaydi".
Daniya Tashqi ishlar vaziri Lars Lyokke Rasmussen, Lendrining tayinlovidan so‘ng, AQSH elchisi Kennet A. Xouerini tushuntirish berish uchun chaqirtirishini bildirdi. Lendri esa X (Twitter) tarmog‘ida Trampga minnatdorchilik bildirib, elchi sifatida xizmat qilish u uchun sharaf ekanini va bu rol uning Luiziana gubernatori sifatidagi vazifalariga xalaqit bermasligini aytdi.
Ilgari Daniya mustamlakasi bo‘lgan Grenlandiya 1979-yilda muxtoriyat (avtonomiya) oldi va Daniya Qirolligi tarkibida qoldi. 2008-yilda grenlandiyaliklar referendum o‘tkazib, 2009-yil iyun oyida kuchga kirgan "Muxtoriyat to‘g‘risida"gi qonunni ma’qullaganlar. Ushbu qonun mintaqaga kengroq avtonomiya berish bilan birga, Daniyaga tashqi siyosat, mudofaa va xavfsizlik masalalarida nazoratni saqlab qolish huquqini beradi.









