Muzokaralar mavhumligi va hujumlar toʻxtatilishi ortidan neft narxi pasaymoqda
Global bozorlarda investorlar Trampning Eron energiya inshootlariga hujumlarni kechiktirishi va muzokaralar borasidagi bir-biriga zid bayonotlariga munosabat bildirishi oqibatida pasayish kuzatildi.
Juma kuni neft narxlari AQSH prezidenti Donald Trampning Hormuz boʻgʻozini qayta ochish uchun bergan muddatini yana ortga surishi ortidan pastladi. Biroq Oq uydan kelayotgan turlicha xabarlar sababli aksiyalar ham oʻz qiymatini yoʻqotdi. AQSH prezidenti shanba kuni agar Hormuz boʻgʻozi 48 soat ichida ochilmasa, Eron energiya inshootlarini yer bilan yakson qilishini aytgan edi. Ammo tinchlik muzokaralaridagi ijobiy siljishlarga tayanib, bu muddatni besh kunga uzaytirdi. Tehron esa oʻz navbatida har qanday toʻgʻridan-toʻgʻri soʻzlashuvlar boʻlayotganini rad etdi.
Bir necha kun davom etgan shiddatli hujumlar va koʻp bandli talablar almashinuvidan soʻng, Tramp payshanba kuni Tehron iltimosiga binoan harbiy amaliyotlarga 6-aprelga qadar tanaffus berilishini eʼlon qildi. Lekin ushbu bayonot "Wall Street Journal" nashri Pentagonning Yaqin Sharqqa 10 ming nafargacha qoʻshimcha askar yuborishni rejalashtirayotgani haqida xabar tarqatgan bir paytga toʻgʻri keldi. Tramp "Truth Social" tarmogʻida: "Muzokaralar davom etmoqda va yolgʻonchi nashrlarning zid iddaolariga qaramasdan, ishlar juda yaxshi ketyapti", deb yozdi.
Prezident Eronning Amerika tinchlik rejasiga sovuq munosabati va neft narxi oshishi inflyatsiyani kuchaytirishi haqidagi xavotirlarga qaramay, urushni tugatish boʻyicha kelashuvga erishishga intilayotgani haqidagi gaplarni oldinroq inkor etgan edi. Keyinchalik Tramp hukumat majlisida Eron muzokaralarda jiddiy ekanini isbotlash uchun dunyo neft va gazining beshdan bir qismi oʻtadigan Hormuz boʻgʻozidan 10 ta tanker oʻtishiga ruxsat berganini aytdi.
Eronning "Tasnim" axborot agentligi Vashington taqdim etgan 15 bandlik rejaga javob xati vositachilar orqali rasman yuborilganini va endi qarshi tomonning munosabati kutilayotganini maʼlum qildi. Ismi ochiqlanmagan mulozimning soʻzlariga koʻra, Tehron AQSH va Isroilning Eronga hamda mintaqadagi oʻziga yaqin guruhlarga qarshi hujumlarini toʻxtatishni talab qilmoqda. Shuningdek, xatda urush keltirgan zararlar uchun tovon puli toʻlanishi va Eronning Hormuz boʻgʻozi ustidan oʻz hukmronligiga hurmat koʻrsatilishi lozimligi taʼkidlangan.
"Nafas rostlash maydoni"
Toʻqnashuvlar kutilganidan ancha uzoq davom etishi borasidagi xavotirlar kuchaygan bir paytda, juma kuni neft narxi bir foizdan koʻproqqa arzonlashdi. Shunday boʻlsa-da, bu pasayish oldingi kunlardagi keskin koʻtarilishni qisman qopladi, xolos. "Brent" markali neft urush boshlangan 28-fevraldan beri qariyb 50 foizga, "WTI" turidagisi esa taxminan 40 foizga qimmatlagan.
Uoll-stritdagi katta yoʻqotishlardan keyin aksiyalar ham qiyin ahvolda qoldi. Yilning dastlabki ikki oyida eng yaxshi natija koʻrsatgan Tokio va Seul bozorlari eng koʻp zarar koʻrganlar qatorida boʻldi. Gonkong, Sidney, Vellington, Taybey, Jakarta va Manila bozorlarida ham keskin tushish kuzatildi. Shanxay va Singapurda esa tebranishlar davom etdi. Investorlar Trampning tahdidlar va tinchlik muloqotlari oʻrtasida tez-tez fikr oʻzgartirishi sababli Oq uy xabarlariga shubha bilan qaramoqda.
"SPI Asset Management" vakili Stiven Innes vaziyatni shunday baholadi: "Oʻn kunlik muddat nafas rostlash uchun imkoniyatdek koʻrinishi mumkin, ammo bozor tilida bu shunchaki vaqtni choʻzish, xolos. Yaʼni, vaqt sotib olindi, lekin aniqlik kiritilmadi. Bozor esa bu ikkisining farqini juda yaxshi biladi".
"National Australia Bank" tahlilchisi Rey Attrill esa: "AQSH va Eron oʻrtasida haqiqiy muzokaralar boʻlayotgani shubhali. Eron tomoni doʻstona vositachi (taxminlarga koʻra Pokiston) orqali xat almashishni "muzokara" deb hisoblamaslikda oyoq tirab turibdi", deb fikr bildirdi.