Janubiy Koreya va Hindiston o‘z fuqarolariga Eronni tark etish chaqirdi
Seul, shuningdek, Eronga sayohat qilishni rejalashtirganlarni ham safarlarini bekor qilishga yoki qoldirishga chaqirdi.
Elchixonalardan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Janubiy Koreya va Hindiston, kuchayib borayotgan keskinlik va AQShning ehtimoliy harbiy hujumi xavotirlari sababli o‘z fuqarolarini Eronni tark etish haqida ogohlantirdi.
Janubiy Koreyaning Erondagi elchixonasi yakshanba kuni o‘z veb-saytida e’lon qilgan xavfsizlik ogohlantirishida mamlakatdagi xavfsizlik holati tezda yomonlashishi mumkinligini ta’kidladi. Elchixona Janubiy Koreya fuqarolarini OAV xabarlarini va elchixona e’lonlarini diqqat bilan kuzatib borishga hamda shaxsiy xavfsizlikni ta’minlash uchun qo‘shimcha choralar ko‘rishga chaqirdi.
Elchixona bayonotida: "Matbuotda tarqalgan so‘nggi xabarlar, AQShning Eronga ehtimoliy hujumi va Tehronning javob qaytarish haqidagi ogohlantirishlariga ishora qilib, mintaqaviy keskinlikning tez sur’atlar bilan o‘sib borayotganini ko‘rsatmoqda", — deyiladi.
Elchixona Erondagi Janubiy Koreyaliklarga, agar qolishlari zarur bo‘lmasa, mamlakatni "imkon qadar tezroq" tark etishni tavsiya qildi. Shuningdek, Eronga sayohat qilishni rejalashtirayotganlarga safarlarini bekor qilish yoki keyinga qoldirish bo‘yicha murojaat qildi.
Tehrondagi Hindiston elchixonasi esa dushanba kuni X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilgan bayonotida o‘z fuqarolariga tijoriy reyslar bilan birga mavjud barcha transport vositalari orqali Eronni tark etishni maslahat berdi. Elchixona yordamga muhtoj fuqarolardan elchixona bilan bog‘lanishni so‘rab, shoshilinch aloqa raqamlarini ulashdi.
Serbiya Tashqi ishlar vazirligi ham o‘z fuqarolarini Eronni "imkon qadar tezroq" tark etishga chaqirdi va mintaqaviy keskinliklar sababli xavfsizlik holati yomonlashayotganini asos qilib ko‘rsatib, ushbu mamlakatga sayohat qilmaslikni tavsiya qildi.
Ushbu ogohlantirishlar AQShning Yaqin Sharqdagi harbiy ishtirokini oshirishi fonida yangramoqda. "USS Abraham Lincoln" aviatsiyani tashuvchi zarbdor guruhi va qo‘shimcha qiruvchi samolyotlar mintaqaga yetib kelgan; "USS Gerald R. Ford" kemasining ham yo‘lda ekani xabar qilinmoqda.
AQSh Prezidenti Donald Tramp o‘tgan payshanba kuni Eron bilan muzokaralar natija berishi uchun 10 dan 15 kungacha muddat berdi; harbiy variantlar ko‘rib chiqilishidan oldin ushbu vaqtdan foydalanilishini bildirdi. Juma kuni tahdidlarini takrorlagan Tramp, Eronni "jiddiy" kelishuvga majburlash uchun cheklangan hujum variantini ham ko‘rib chiqayotganini aytdi.
Ummon Tashqi ishlar vazirining yakshanba kuni tasdiqlashicha, tomonlar payshanba kuni Shveytsariyaning Jeneva shahrida yadroviy muzokaralarning yangi raundini o‘tkazadilar.