Rossiyaning "RIA" davlat agentligi xabariga ko‘ra, Ozarbayjon sudi dushanba kuni Fransiya fuqarosi Martin Ryanni Parij foydasiga ayg‘oqchilik qilganlikda aybdor deb topib, 10 yil muddatga qamoq jazosiga hukm qildi.
2023-yilning dekabr oyida qo‘lga olingan Ryan Ozarbayjonning Turkiya va Pokiston bilan olib borayotgan harbiy hamkorligi haqidagi maxfiy ma’lumotlarni to‘plaganlikda ayblanmoqda. Boku, shuningdek, Ryanning Fransiya razvedkasi bilan hamkorlik qilish uchun fransuz tilida so‘zlashuvchi Ozarbayjon fuqarolarini yollashga (og‘dirishga) harakat qilganini iddao qildi. Ryan o‘ziga qo‘yilgan ayblarni qisman tan olgan.
Shu oyning boshida Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron va Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev telefon orqali muloqot qilgan edi. Aliyev ma’muriyati bergan ma’lumotga ko‘ra, suhbat chog‘ida ikki tomonlama aloqalarni qayta jonlantirish va hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilingan. Aliyev oktyabr oyida Kopengagenda Makron bilan o‘tkazgan uchrashuvidan so‘ng, ikki mamlakat o‘rtasidagi "o‘tmishdagi tushunmovchiliklar bartaraf etilganini" aytgan edi.














