Mintaqaviy keskinliklar ortib borayotgan bir vaqtda, Turkiya va Eron o‘zaro kelishgan holda kunlik chegara o‘tishlarini to‘xtatdi.
Bo’lat, har qanday o‘zgarishga tezkor javob berish maqsadida favqulodda rejalar va harakat tizimlari yangilanganini bildirdi.
Turkiya Respublikasi Savdo vaziri O’mer Bo’lat dushanba kuni Turkiya va Eron o‘rtasidagi chegara darvozalarida kunlik yo‘lovchi o‘tishlari o‘zaro to‘xtatilganini e’lon qildi. Bo’lat o‘z bayonotida, mintaqada yuz berayotgan va dunyo miqyosida ta’siri sezilayotgan voqealar doirasida Eron bilan bojxona o‘tkazish joylaridagi holat har tomonlama ko‘rib chiqilganini qayd etdi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi asosiy chegara punktlarida vaziyat barqaror ekanini va hech qanday g‘ayritabiiy holat aniqlanmaganini ta’kidladi.
Vazir bergan ma’lumotga ko‘ra, tijorat yuk tashuvlari Turkiya-Eron chegarasidagi uchta asosiy nuqta – Gurbuloq, Kapiko‘y va Esendere orqali nazorat ostida va uzluksiz davom etmoqda. Ikki tomon o‘rtasidagi savdo oqimi tegishli idoralarning muvofiqlashtirilgan nazorati ostida olib borilmoqda.
Biroq, har ikki tomon kunlik yo‘lovchi o‘tishlarini noma’lum muddatga qadar to‘xtatib turishga kelishib oldi. Bo’lat, Eron o‘z fuqarolarining Turkiya orqali o‘z yurtiga qaytishiga ruxsat berayotganini, Turkiya esa o‘z fuqarolari bilan birga uchinchi davlat fuqarolarining ham Erondan kirib kelishiga imkon yaratayotganini tushuntirdi.
Vazir: “Bojxona darvozalaridagi o‘tishlar barcha tegishli idoralarimiz tomonidan va Eron tomoni bilan hamkorlikda, nazorat ostida hamda to‘xtovsiz davom etmoqda”, — deya ta’kidladi.
Savdo vazirligi, shuningdek, bojxona bo‘linmalari orqali zarur bo‘lgan taqdirda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan qo‘shimcha choralar yuzasidan tekshiruvlar o‘tkazdi. Shunga ko‘ra, davlat muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish va joylardagi ish qobiliyatini oshirishga qaratilgan tayyorgarliklar ham ko‘zdan kechirildi. Xodimlar sonini ko‘paytirish va nazorat infratuzilmasini yaxshilash kabi zaruriy tartibga solish ishlari yakunlandi.
Bolat, chegara xizmatlari va savdo oqimi uzluksiz davom etishi uchun barcha bo‘linmalar shay holatda ekanini aytdi. Vazirlik qarori qat’iy ekanini yana bir bor bildirib, mas’ul shaxslar voqealarni yaqindan kuzatishda davom etishini hamda xavfsiz, tartibli va samarali o‘tishni ta’minlash uchun barcha choralar ko‘rilishini ma’lum qildi.


















