Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy chorshanba kuni Rossiya tomonidan uyushtirilgan zarbalar oqibatida kamida 11 kishi halok boʻlganini maʼlum qildi. Eng koʻp talofat mamlakat shimolidagi Priluki shahrida kuzatildi — bu yerda turar-joy binosining vayron boʻlishi oqibatida besh kishi hayotdan koʻz yumdi.
Hozirda favqulodda xizmatlar Chernigov viloyatidagi mazkur besh qavatli binoning qulagan qoldiqlarini tekshirmoqda. Rasmiylar qurbonlar soni yana ortishi mumkinligidan xavotirda.
“Vayronalar ostida yana odamlar qolgan boʻlishi mumkin. Qutqaruvchilar har bir fuqaroni topish uchun bor imkoniyatlarini ishga solishmoqda”, — deb yozdi Zelenskiy ijtimoiy tarmoqlarda.
Prezidentning soʻzlariga koʻra, Dnepr va Kremenchukda koʻp qavatli uylarga raketalar tushishi oqibatida ikki kishi, Aleksandriyada ham yana ikki kishi halok boʻlgan. Kiyev meri Vitaliy Klichko esa poytaxtning zich aholi yashaydigan Darnitskiy tumanidagi yongʻinda ikki kishi qurbon boʻlganini bildirdi.
Mintaqalardagi talofatlar tafsiloti:
Chernigov viloyati: Priluki shahridagi raketa zarbasi oqibatida kamida 5 kishi halok boʻldi, 25 kishi jarohatlandi (Hokim Vyacheslav Chaus maʼlumoti).
Poltava viloyati: Hududda 2 kishi vafot etdi, 7 kishi jarohat oldi (Hokim Vitaliy Dyakivnich maʼlumoti).
Dnepropetrovsk viloyati: Sanoat obyekti, turar-joy binosi va sport klubiga zarar yetdi, 2 kishi yaralandi (Hokim Aleksandr Ganja maʼlumoti).
Zaporojye viloyati: Transport infratuzilmasi obyektiga zarba berildi (Mintaqa rahbari Mixail Semikin maʼlumoti).
Zelenskiyning taʼkidlashicha, ushbu hujumlardan koʻzlangan asosiy maqsad energetika infratuzilmasi boʻlgan. U Rossiya tomonidan 70 ta raketa (ularning aksariyati ballistik) hamda "Shahed" dronlari uchirilganini aytdi. Prezident ballistik raketalar hamon Ukraina havo mudofaa tizimi uchun eng katta muammo boʻlib qolayotganini qayd etdi.
Ukraina Harbiy-havo kuchlari oʻz navbatida 130 ta zarbdor dronning 117 tasini, shuningdek, 44 ta ballistik va qanotli raketalarni urib tushirganini eʼlon qildi.
Moskvaning munosabati va javob zarbalari haqidagi bayonoti
Rossiya Mudofaa vazirligi chorshanba kuni oʻz kuchlari Kiyev va Ukrainaning bir qator boshqa hududlaridagi harbiy-sanoat obyektlariga “ommaviy zarba” berganini tasdiqladi.
Vazirlik, shuningdek, Rossiya havo mudofaa tizimlari 16 ta mintaqa, Qora va Azov dengizlari hamda anneksiya qilingan Qrim osmonida Ukrainaga tegishli 311 ta dronni urib tushirganini daʼvo qildi.
Rossiya nazoratidagi hududlardagi vaziyat:
Belgorod viloyati: Soʻnggi 24 soat ichida Ukraina zarbalari oqibatida 7 kishi jarohatlandi (Hokim Aleksandr Shuvayev maʼlumoti).
Gorlovka (Donetsk viloyati): Ukraina droni hujumi natijasida 3 kishi yaralandi (Rossiya tayinlagan mahalliy hukumat maʼlumoti).
Voronej viloyati: Dron qoldiqlari qulashi oqibatida elektr uzatish liniyasi shikastlandi va bir nechta qishloq vaqtincha chiroqsiz qoldi (Hokim Aleksandr Gusev maʼlumoti).
Tomonlarning ushbu daʼvolari hozircha mustaqil manbalar tomonidan tasdiqlanmadi. Soʻnggi oylarda Moskva va Kiyev bir-birlarining logistika markazlari, portlari va energetika infratuzilmalariga zarbalarni sezilarli darajada kuchaytirgan. Har ikki tomon ham tinch aholini nishonga olmayotganini, zarbalar faqat harbiy yoki harbiy maqsadlarga xizmat qiluvchi obyektlarga qaratilganini taʼkidlab keladi.















