TURKIYA
2 daqiqa o'qish
Prezident Erdo‘g‘an Istanbulning fath etilish voqeasini baholadi
Prezident Erdo‘g‘an «Istanbulning fathidan qalblar fathigacha» deb nomlangan tadbirda Istanbulning fath etilish voqeasini baholar ekan, ayni vaqtda, Fatih Sultan Mehmed boshchiligida 1453 - yilgi fathda ishtirok etganlarni hurmat ila yod etdi.
Prezident Erdo‘g‘an Istanbulning fath etilish voqeasini baholadi
_

Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘an Istanbulning fath etilishi voqeasini faqatgina tarixiy harbiy g‘alaba emas, ayni vaqtda, shahar uchun tinchlik, xavfsizlik va yangilanish olib kelgan burilish nuqtasi sifatida baholadi.

Kecha, 29 - may kuni Adolat va taraqqiyot partiyasi Istanbul viloyat tashkiloti tomonidan Halich kongress markazi bog‘ida uyushtirilgan «Istanbul fathidan qalblar fathigacha» deb nomlangan tadbirda Istanbul fathining 573 - yilligi munosabati bilan nutq so‘zlagan Prezident Erdo‘g‘an, Fatih Sultan Mehmed boshchiligida 1453 - yilgi fathda ishtirok etganlarni yodga oldi.

Erdo‘g‘an bu haqida: «Bu mazmunli kunda, 573 yil avval Istanbul fathida qatnashgan, bu shahar devorlarida shahid yoki g‘oziy bo‘lgan barcha ulug‘ ajdodlarimizni rahmat bilan xotirlamoqchiman», - dedi. Shuningdek, u «Endigina 21 yoshida Istanbul fathini amalga oshirgan o‘sha shonli sarkardani ham yuksak hurmat bilan yod etaman», - degan ifodalarga o‘rin berdi.

Prezident Istanbul fathini «faqat ulkan g‘alaba yoki davr ochib davr yopgan voqea» emas, balki dunyoning ko‘zi hisoblangan shaharda zulmatdan nurga o‘tish ekanini ifoda etib; quyidagilarni qayd etdi: «Istanbulning fathi – jon va mol xavfsizligi bo‘lmagan shaharda asrlar davom etadigan tinchlik va xavfsizlik muhitining barpo etilishidir. Istanbulning fathi – turli ildiz, e’tiqod va ko‘z qarashlarga ilgari ko‘rsatilmagan bag‘rikenglik va hurmat ko‘rsatilishidir. Istanbulning fathi – fitna manbai bo‘lgan bir o‘chog‘ning o‘chirilishi o‘rniga, qiyomatgacha so‘nmaydigan haq va adolat o‘chog‘ining yoqilishidir».

Istanbul: Turkiyaning «koz nuridir»

Marhum tarixchi Halil Inaljikdan iqtibos keltirgan Erdo‘g‘an, Fatih Sultan Mehmed fathni amalga oshirish uchun katta mehnat qilgani va keyinchalik Konstantinopolni fondlar va davlat muassasalari orqali ulug‘vor turk - islom shahriga aylantirganini ta’kidladi.

Erdo‘g‘an o‘z nutqida hadisga ham ishora qilib, «Istanbul albatta fath etiladi. Uni fath etgan qo‘mondon qanday baxtli qo‘mondondir; uning askarlari qanday baxtli askarlardir», - degan so‘zlarni keltirdi.

Fath 1071 - yildagi Malazgirt jangidan boshlangan g‘alabalar zanjirining eng yorqin bo‘g‘ini sifatida ta’riflandi. Erdo‘g‘an, bu voqea, turk xalqining o‘z ideallari yo‘lida nimalarga erisha olishini ko‘rsatishini bildirdi.

Erdo‘g‘an, Istanbul 1453 - yildan beri xalqning «ko‘z nuri» bo‘lib kelayotganini ta’kidlagan holda, fath merosiga haligacha qarshi chiqayotganlarni tanqid qildi hamda Istanbulning maqomini o‘zgartirish chaqiriqlari yoki uning tarixiy kimligiga qaratilgan tanqidlarni fath va uning merosini qabul qila olmagan ziddiyatning ifodasi sifatida baholadi.