TURKIYA
2 daqiqa o'qish
Erdo‘g‘an: Kavkazda tinchlik va farovonlikni birgalikda ta’minlaymiz
Prezident Erdo‘g‘an Kavkaz tarixi Turkiya tarixi ham ekanini ta'kidlab, umumiy o'tmishdan olingan kuch bilan kelajak avlodlarga tinchlik va ishonch ichida yashaydigan mintaqa qoldirish mas'uliyatini his qilayotganlarini ifoda etdi.
Erdo‘g‘an: Kavkazda tinchlik va farovonlikni birgalikda ta’minlaymiz
-
 

Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘an: «Kavkaz tarixi — bizning ham tariximizdir. Asrlar davomida bu mintaqaning dard - u quvonchlarini birgalikda baham ko‘rdik. Bugun esa umumiy tariximizdan olgan kuchimiz bilan kelajak avlodlarga tinchlik va xavfsizlikda yashaydigan mintaqani qoldirish mas’uliyati zimmamizda», — deya ta’kidladi.

Erdo‘g‘an Xalqaro Kavkaz kongressi munosabati bilan e’lon qilgan murojaatida chegara shahri Ig‘dirda olimlar va ishtirokchilarni bir joyga jamlagan kongressning xayrli bo‘lishini tiladi.

Kongress mazmunini bebaxo fikrlar, tahlillar, ma’ruzalar va tanqidiy mulohazalar bilan boyitgan mutaxassislarga minnatdorchilik bildirgan Erdo‘g‘an quyidagilarni qayd etdi:

«Kavkaz tarixi — bizning ham tariximizdir. Asrlar davomida bu mintaqaning dard - u quvonchlarini birgalikda baham ko‘rdik. Bugun esa umumiy tariximizdan olgan kuchimiz bilan kelajak avlodlarga tinchlik va xavfsizlikda yashaydigan mintaqani qoldirish mas’uliyati zimmamizda.

Ana shu yondashuv asosida Ozarbayjon Prezidenti hurmatli Ilxom Aliyev bilan “Bir millat, ikki davlat” shiorini Shusha deklaratsiyasi orqali ittifoqchilik darajasiga olib chiqdik. Shusha, Fuzuliy va Lochinda hilpirayotgan Ozarbayjon bayrog‘i Turkiyaning ham faxridir. Qorabog‘ g‘alabasining quvonchini birgalikda baham ko‘rganimiz kabi, Kavkazda tinchlik va farovonlikni ta’minlash yo‘lida ham xuddi shunday qat’iyat bilan harakat qilamiz.

Zangezur yo‘lagining ochilishi Ozarbayjonning asosiy hududi bilan Naxchivon o‘rtasidagi transport infratuzilmasini mustahkamlaydi. Shuningdek, Turkiya bilan Turkiy dunyo o‘rtasidagi aloqalar uchun yangi imkoniyat yaratadi. Ipak yo‘li yo‘nalishlarida savdo - sotiqning jonlanishi, hamkorlikning kengayishi va insoniy aloqalarning mustahkamlanishi butun mintaqaga foyda keltirishiga ishonamiz».

Erdo‘g‘an Kavkaz tinchlik mustahkam qaror topgan, qo‘shnilar savdo - sotiq bilan shug‘ullanadigan va har bir mamlakat umumiy farovonlikdan bahramand bo‘ladigan mintaqaga aylanishi muhimligini ta’kidladi.

Shuningdek, Ig‘dirda namoyon etiladigan ilmiy salohiyat va o‘tkaziladigan maslahatlashuvlar umumiy kelajakni barpo etishga hissa qo‘shishidan umidvor ekanini bildirdi.