TURKIYA
2 daqiqa o'qish
Chavusho‘g‘lu: AQSh Kongressida Turkiyaga nisbatan ijobiy ko‘z qarashlar ortmoqda
Mevlut Chavusho‘g‘lu, bugun (10.12.2025) Transatlantik forum doirasida Vashingtonda uyushtirilgan uchrashuvlarda turk delegatsiyasiga rahbarlik qildi.
Chavusho‘g‘lu: AQSh Kongressida Turkiyaga nisbatan ijobiy ko‘z qarashlar ortmoqda
_
10 декабр 2025

NATO Parlament assambleyasi (NATO Pa)ning turk delegatsiyasi rahbari Mevlut Chavusho‘g‘lu, AQSh Kongressida mamlakatimizga nisbatan ijobiy tusdagi ko‘z qarash ortib borayotganini qayd etdi.

Turkiyaning sobiq tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho‘g‘lu bugun (10.12.2025) Transatlantik forum doirasida Vashingtonda uyushtirilgan uchrashuvlarda turk delegatsiyasiga rahbarlik qildi. Chavusho‘g‘lu shu doirada dunyoning turli davlatidan kelgan delegatsiya a’zolari, jumladan AQSh deputatlari bilan muloqot qildi. Unda, Turkiyaga nisbatan ijobiy tusdagi ko‘z qarash ortib borayotgani kuzatilganini bildirdi.

Uning aytishicha forum, NATOning mudofaa xarajatlarini YAIMning 5 foizigacha oshirish maqsadi ham doxil NATO uchun muhim mavzularni, kengroq ustuvor yo‘nalishlarni muhokama qilish uchun muhim imkoniyat yaratdi.

Turkiya delegatsiyasi mudofaa sanoati innovatsiyalari, qo‘shma ishlab chiqarish, mudofaa mahsulotlariga qo‘yilgan savdo cheklovlarining bekor qilinishi, NATOning imkoniyatlari va to‘xtatuvchanlik pozitsiyasini kuchaytirish va Rossiya – Ukraina urushi kabi masalalarni kun tartibiga olib chiqdi.

Chavusho‘g‘lu mavzu haqida: «Biz Turkiya delegatsiyasi sifatida bir tomondan savdo va mudofaa sanoati mahsulotlari oldidagi to‘siqlarning olib tashlanishi zarurligi, ikkinchi tomondan esa ittifoqchilar o‘rtasidagi cheklovlar ayniqsa birdamlik ruhiga zid ekanini ta’kidladik. Turkiyaga nisbatan ham ayrim cheklovlar bor», - dedi. Unga ko‘ra, Anqara faol o‘rtamchilik roli tufayli mintaqaviy va global inqirozlarga doir muhim qarashlarni taklif qilishi mumkin.

Turkiyadagi muhim uchrashuvlar

Turkiyaning sobiq tashqi ishlar vaziri Chavusho‘g‘lu, o‘rtamchilik sa’y - harakatlari va AQSh Prezidenti Donald Tramp taklif qilgan Rossiya – Ukraina tinchlik rejasi ham muhokama qilinganini ifoda etdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh yetakchiligining yangi xavfsizlik strategiyasi hujjati, ayniqsa ayrim boblari borasidagi xavotirlar yevropalik ishtirokchilar tomonidan kun tartibiga olib chiqilgan.

Chavusho‘g‘lu turk delegatsiyasi AQSh deputatlariga, Prezident Rejep Tayyip Erdo‘g‘anning sentabr oyida Prezident Donald Tramp bilan o‘tkazgan uchrashuvida berilgan va’dalarni eslatgani va Kongress har ikki lider yaratgan ijobiy sur’atni qo‘llab - quvvatlashi zarurligini ta’kidlaganini bildirdi.

Chavusho‘g‘lu bu borada: «Ularning o‘zlari ham shu yo‘nalishda fikr bildirdilar, istaklari ham shunday», - dedi.

Chavusho‘g‘lu, Turkiyaning kelasi yilgi NATO sammitiga mezbonlik qilishi muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdi. Sammit 7 – 8 iyul kunlari Prezident Erdo‘g‘an raisligida Anqara shahrida bo‘lib o‘tadi.

Sobiq tashqi ishlar vaziri shuningdek, NATO Parlament sammiti ham Turkiyada uyushtirilishi va bu orqali kelasi yili ikki muhim tadbir bilan bir qatorda BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha COP31 sammiti Turkiyada o‘tkazilishi rejalashtirilayotganini o‘z so‘ziga ilova etdi.