AQSh prezidenti Donald Tramp Saudiya Arabistonida Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan Ukraina mojarosiga barham berish maqsadida uchrashishi mumkinligini aytdi.
"Men Putin bilan asosan telefon orqali gaplashaman va oxir-oqibat uchrashamiz. Aslida u AQShga, men esa Rossiyaga borishim mumkin. Balki, Saudiya Arabistonida uchrasharmiz", - dedi Tramp jurnalistlarga bergan intervyusida.
Tramp Ukrainaning NATOga a’zo bo’lish masalasiga to‘xtalmagan bo‘lsa-da, u mamlakatning hududiy yaxlitligini to‘liq tiklash imkoniyatini shubha ostiga qo‘yadigan tarzda fikr bildirdi. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy esa, Trampning tinchlikka erishishdan manfaatdorligini olqishlab, global ittifoq Rossiyani urushni tugatishga majbur qilishi mumkinligini ta’kidladi.












