Turkiya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan payshanba kuni qilgan bayonotida, Turkiyaning Eronga nisbatan “har qanday harbiy aralashuv”ga mutlaqo qarshi ekanini ta’kidlab, Tehronni “ichki muammolarini mustaqil ravishda hal etishga” chaqirdi.
Vazir Fidan bu fikrlarni Istanbulda jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv chog‘ida bildirdi. Masalaning xalqaro munosabatlar o‘lchovi borligini qayd etgan Fidan, Tehronning ayrim siyosatlari sabab “sanksiyalarga duch kelayotganini” ham qo‘shimcha qildi.
Fidan Eronlik hamkasblarini mintaqadagi davlatlar bilan mavjud muammolarni bartaraf etishga chaqirib, shunday dedi:
“Ba’zi tuzilmaviy muammolar iqtisodiy qiyinchiliklarga olib kelmoqda. Ularni yo‘qotish uchun Eron global yadroviy masala bilan bog‘liq muammolarini biror imkoniyatni qo‘ldan boy bermasdan, diplomatiya orqali hal qilishi kerak.”
U xalqaro izolyatsiya sharoitida ayrim iqtisodiy xizmatlar ko‘rsatish imkoniyatlari cheklanib qolishini ta’kidladi va so‘zini davom ettirib dedi:
“Eron katta aholiga ega, jamiyati faol va dinamik. Hayotda faol ishtirok etish istagi kuchli, malakali inson resurslari bor. Bunday jamiyat muayyan imkoniyatlardan mahrum etilsa, tabiiy ravishda muammolar yuzaga chiqadi. Bu yerda chalkashtirilayotgan jihat shuki: odamlarning iqtisodiy va ijtimoiy qiyinchiliklar tufayli boshdan kechirayotgan muammolari ba’zan rejimga qarshi mafkuraviy qo‘zg‘olon sifatida talqin qilinadi. Aslida esa bu holat aniq chegarasi bo‘lmagan ‘kulrang hudud’ni anglatadi.”
Fidan so‘zlarini shunday yakunladi:
“Yaqindan qaralganda, tashqaridagi ayrim Eron muxolifi davlatlarning ishtahasini qo‘zg‘atadigan darajada rejimga qarshi keng ko‘lamli dushmanlik mavjud emas. Ammo amaldagi siyosatlar keltirib chiqargan iqtisodiy qiyinchiliklar va ularni yumshata olmaslik jiddiy muammolarga sabab bo‘lmoqda. Biz bu yerda hech qanday tashqi aralashuvni ko‘rishni istamaymiz. Shu bilan birga, Donald Trump siyosatiga nazar tashlasak, hozirgacha quruqlikdagi harbiy kuchlardan foydalanishga qaratilgan qat’iy bir yo‘nalishni ko‘rmayapmiz.”















