MADANIYAT
2 daqiqa o'qish
Turkiyadagi Aspendos antik shahrida 2000 yillik ko‘cha topildi
Aspendos qadimiy shahridagi qazishmalar rahbarining aytishicha, mazkur ko‘chaning kengligi 3 metrdan 5 metrgacha o‘zgarib turadi va uning taxminan 1 metr ostida kanalizatsiya tizimi ham mavjud.
Turkiyadagi Aspendos antik shahrida 2000 yillik ko‘cha topildi
Sohilboyi Pamfiliya mintaqasining eng muhim qadimiy shaharlaridan biri boʻlgan Aspendosda qazishma ishlari 2022-yildan beri olib borilmoqda. / AA

Turkiyaning Rivyera mintaqasidagi Antalya shahrida joylashgan qadimiy Aspendos shahrida teatr va akropolni bog‘lovchi deyarli 2000 yillik yo‘l qazib olindi.

Qirg‘oqdagi Pamfiliya mintaqasining eng muhim qadimiy shaharlaridan biri bo‘lgan Aspendosdagi qazish ishlari 2022 yildan buyon Afyon Kojatepe universiteti arxeologi Mustafa Bilgin rahbarligida olib borilmoqda. Ishlar Turkiya Madaniyat va turizm vazirligining “Kelajak uchun meros” loyihasi doirasida yangi sur’at bilan davom etmoqda.

Qazishlar teatrni akropol bilan bog‘lovchi taxminan 300 metr uzunlikdagi qadimiy yo‘lni, shuningdek, yaxshi saqlangan nonvoyxona, jamoat binolari, turar joylar, monumental darvoza va ilg‘or infratuzilma tizimlari kabi muhim topilmalarni yuzaga chiqardi.

Anadolu agentligiga bergan intervyusida Bilgin uzoq vaqtdan beri teatri va akveduktlari bilan tanilgan qadimiy shahar endi akropoldagi monumental inshootlari orqali tashrif buyuruvchilarga yangi tajriba taklif qilishini ta’kidladi.

Ikki yillik qazishlardan so‘ng Teatr ko‘chasi ustidagi ishlar yakunlanish arafasida ekanini aytgan Bilgin shunday dedi:

"Endilikda tashrif buyuruvchilar qadimiy yo‘l orqali teatrdan akropolgacha piyoda bora oladi. Qadimda bu Aspendosning eng gavjum transport yo‘llaridan biri bo‘lgan. Ko‘cha bo‘ylab asosan jamoat binolari, turar joylar va monumental darvozani ochib berdik."

Bilgin, shuningdek, sharqiy darvoza tashqarisida shaharning sharqiy nekropolisi topilgani haqida ma’lumot berib, u yerdagi Klassik davr qabri bu hududning miloddan avvalgi V asr oxiridan boshlab qabriston sifatida ishlatilganini ko‘rsatishini qayd etdi.

Foinikiyalik tangasi va shisha atir idishlari topildi

Bilginning so‘zlariga ko‘ra, Sharqiy maydondagi qazishmalar mozaikali bino qoldiqlarini ochib berdi va ko‘chaning muhandislik jihatlarini yoritdi.

"Ko‘chaning eni 3 dan 5 metrgacha o‘zgarib turadi. Yo‘l ostida taxminan 1 metr chuqurlikda kanalizatsiya tizimini aniqladik. Tosh qoplamalar nishabga muvofiq yotqizilgani sababli, zilzilalarga qaramay, yuzasi siljigan emas," dedi u.

Bilgin qo‘shimcha qilib, qazishlar Aspendosning savdo hayotiga oid muhim dalillarni ham berganini bildirdi. Jumladan, ikki qavatli do‘konlar va stoa (yopiq yo‘lak) majmuasida topilgan foinikiyalik tanga va mahalliy ishlab chiqarilgan shisha atir idishlari shular jumlasidandir. Uning ta’kidlashicha, mazkur topilmalar Aspendosning Sharqiy O‘rta yer dengizi, qadimiy Suriya va Falastin kabi hududlar bilan savdo aloqalariga ega bo‘lganini ko‘rsatadi. Shuningdek, topilgan nonvoyxona qadimgi davrdagi kundalik hayot va me’morchilik haqida muhim ma’lumot beradi.