Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Turkiyaning AQSh yetakchiligidagi F-35 qiruvchi samolyotlari dasturiga qayta qo‘shilishini talab qilib, bu qadam Turkiya bilan AQSh o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashini va NATO xavfsizligini ham oshirishini ta’kidladi.
Bloomberg’ga yozma ravishda bergan javoblarida, 2025-yil sentabr oyida bo‘lib o‘tgan Oq uy uchrashuviga ishora qilgan Erdo‘g‘an, Turkiyaning qariyb o‘n yil avval Rossiyadan harbiy texnika sotib olgani sababli F-35 dasturidan chiqarib yuborilishi haqidagi qarorni “adolatsiz” deb baholadi va bu fikrini shaxsan Trampga yetkazganini bildirdi.
Prezident Erdo‘g‘an Trampning yana AQSh Prezidenti bo‘lishi Anqara bilan Vashington o‘rtasidagi munosabatlar “yanada oqilona va konstruktiv asosda rivojlanishi uchun” imkoniyat yaratganini qayd etdi.
F-35 masalasiga to‘xtalib, Erdo‘g‘an Turkiya tomonidan puli allaqachon to‘langan F-35 samolyotlarining topshirilishi va Turkiyaning dasturga qayta qo‘shilishi AQSh bilan munosabatlar hamda NATO mudofaasi nuqtayi nazaridan muhim va zarur ekanini ta’kidladi.
AQShdan ehtimoliy F-16 Block 70 xaridiga ham to‘xtalgan Erdo‘g‘an, shartlar NATO ittifoqi ruhiga mos bo‘lishini Turkiya kutayotganini aytib, Eurofighter samolyotlarining xarid qilinishini ham misol sifatida keltirdi.
Erdo‘g‘an AQShda Halkbank’ga qarshi ochilgan jarima ishi yuzasidan Turkiya bu ayblovlarni noto‘g‘ri deb hisoblashini va bank “adolatsiz jazolarga duch kelmasligi” uchun muzokaralar olib borilayotganini bildirib, qonunlarga to‘liq mos va adolatli yakun bo‘lishiga umid qilishlarini aytdi.
Ikki tomonlama energetika munosabatlariga to‘xtalgan yetakchi, “ayniqsa AQShdan LNG yetkazib berishni sezilarli darajada oshirdik”, deya ta’kidladi va buning Turkiya ta’minot zanjirida endilikda “muhim o‘rin” egallayotganini urg‘uladi.
Prezident Erdo‘g‘an Turkiyaning pozitsiyasi juda aniq ekanini ta’kidlab, “Milliy manfaatlarimiz va energetika xavfsizligimiz yo‘lida harakat qilamiz”, dedi.
Shuningdek, u shunday baho berdi: “Uglevodorod ehtiyojining muhim qismini importga tayangan davlat sifatida, energetika xavfsizligimizga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan barcha masalalarda ehtiyotkor va muvozanatli yondashuvni qo‘llashimiz kerak.”
Anqara — Moskva va Kiyev bilan ‘to‘g‘ridan-to‘g‘ri gaplasha oladigan yagona aktor’
Prezident Erdo‘g‘an Anqaraning Rossiya–Ukraina urushidan chetda qolishga muvaffaq bo‘lgani tufayli kelajakda o‘tkazilishi mumkin bo‘lgan tinchlik muzokaralari uchun ehtimoliy mezbon rolini saqlab qolayotganini ta’kidlab, Anqara tomonlar o‘rtasida bo‘lishi mumkin bo‘lgan har qanday sulhni kuzatishga ham ko‘mak bera olishini bildirdi.
Erdo‘g‘an, “Turkiya Rossiya Prezidenti Putin bilan ham, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri gaplasha oladigan yagona aktor hisoblanadi”, deya ta’kidladi va Turkiya eshiklari hamma uchun ochiq ekanini, buni ham Rossiya, ham Ukraina yetakchilariga bir necha bor ochiq aytganini qo‘shimcha qildi.
Shuningdek, Erdo‘g‘an Binyamin Netanyahuning Falastindagi harakatlarini keskin tanqid qilib, G‘azoda tashkil etilishi kutilayotgan Xalqaro Barqarorlik Kuchining Turkiyasiz ssenariyda “legitimlikni ta’minlashda qiynalishini” ta’kidladi. U, “Falastin tomoni bilan mavjud chuqur tarixiy aloqalarimiz, o‘tmishda Isroil bilan yuritilgan xavfsizlik va diplomatiya kanallari hamda NATO a’zosi sifatidagi mintaqaviy ta’sirimiz sababli bunday vazifa uchun muhim, kalit mamlakatmiz”, deya bayonot berdi.
Prezident, Turkiyaning siyosiy irodasi aniq ekanini va G‘azoda barqaror tinchlik uchun har qanday mas’uliyatni zimmasiga olishga tayyor ekanini ham bildirdi.



























