Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo’g‘an Erondagi tinch aholi talofatlari tufayli chuqur qayg‘uda ekanini ta’kidlab, tinchlikni ta’minlashga ko‘maklashish maqsadida o‘t ochishni to‘xtatish uchun diplomatik sa’y-harakatlar kuchaytirilishini aytdi.
Dushanba kuni poytaxt Anqarada o‘tkazilgan tadbirda so‘zga chiqqan Prezident: “Qo‘shnilari va birodarlari sifatida Eron xalqining dardiga sherikmiz. Har bir urushda bo‘lgani kabi, bu yerda ham to‘qnashuvlarning bor yuki tinch aholi va hech qanday gunohi bo‘lmagan begunoh go‘daklar chekayotgan azoblarda aks etayotganini ko‘rishdan katta qayg‘udamiz”, — deya ta’kidladi.
Erdo’g‘an Turkiya o‘t ochishni to‘xtatish va mintaqada osoyishtalik qayta tiklanmaguncha barcha darajadagi aloqalarni jadallashtirishini qayd etdi.
Prezident shanba kunidan buyon ko‘plab yetakchilar bilan keng qamrovli muzokaralar olib borganini eslatib: “Biz tinchlik tarafdorimiz. Qon to‘kilmasin, ko‘z yoshlar dinsin, mintaqamiz yillar davomida intizor bo‘lgan barqaror tinchlikka erishsin, deb istaymiz”, — dedi.
Turkiyaning ustuvor vazifasi o‘t ochishni to‘xtatish va muloqot eshigini ochish ekanini ta’kidlagan Erdog‘an shunday qo‘shimcha qildi: “Agar zaruriy aralashuv amalga oshirilmasa, to‘qnashuv jarayoni mintaqaviy va global xavfsizlik nuqtai nazaridan jiddiy oqibatlarga olib keladi. Bunday jarayon keltirib chiqaradigan iqtisodiy va geosiyosiy noaniqliklarni hech kim ko‘tara olmaydi. Buning uchun yong‘in yanada kuchaymasdan o‘chirilishi kerak”.
NATO Bosh kotibi bilan telefon muloqoti
Erdog‘an, shuningdek, Eronga qarshi hujumlar va yuz bergan to‘qnashuvlardan so‘ng NATO Bosh kotibi Mark Rutte bilan telefon orqali muloqot qildi.
Turkiya Respublikasi Prezidenti huzuridagi Kommunikatsiya boshqarmasi xabariga ko‘ra, Erdog‘an Ruttega Turkiya “mintaqadagi nizoli jarayonni sinchkovlik bilan kuzatib borayotganini” va “bardoshli hamda barqaror tinchlik uchun diplomatiyaga imkon berish muhimligini” yetkazdi.
Prezident Erdo’g‘an, shuningdek, Anqarada o‘tkaziladigan NATO sammitiga tayyorgarlik ko‘rilayotganini va “Turkiya ushbu sammitga munosib tarzda mezbonlik qilishini” bildirdi.
Rutte esa NATO “ittifoqchilar xavfsizligini ta’minlashga 360 darajali yondashuv bilan hissa qo‘shishda davom etishini” aytdi.
AQSh va Isroil shanba kuni Eronga qarshi keng ko‘lamli hujum boshlagan edi. Ushbu hujum natijasida Eron oliy rahbari Ali Xomanaiy hamda ko‘plab rasmiylar halok bo‘ldi.
Tehron bunga javoban Fors ko‘rfazi mamlakatlaridagi AQSh bilan bog‘liq ob’ektlarga dron va raketa hujumlari uyushtirdi, bu esa ko‘plab insonlarning o‘limiga sabab bo‘ldi. Hujumlarda 6 nafar AQSh askari hayotdan ko‘z yumdi, ba’zilari og‘ir yaralandi.
Eron Qizil yarim oy jamiyati shanba kunidan beri AQSh va Isroil havo hujumlarida halok bo‘lganlar soni 555 nafarga yetganini ma’lum qildi.















