TURKIYA
2 daqiqa o'qish
Turkiya Qora dengizda kema qatnovi xavfsizligini ta’minlamoqchi
Turkiya Qora dengizda kema qatnovi xavfsizligini ta’minlamoqchi va hatto buning uchun samarali mexanizmn ishlab chiqish ustida ish olib bormoqda.
Turkiya Qora dengizda kema qatnovi xavfsizligini ta’minlamoqchi
_
 

Turkiyaning BMT huzuridagi Doimiy vakili Ahmet Yildiz ishlab chiqilayotgan mexanizm Qora dengizda savdo kemalari qatnovi xavfsizligini ta’minlash hamda Qora dengiz eksportiga bog‘liq mamlakatlarning oziq - ovqat ta’minotini kafolatlashga qaratilganini bildirdi

Ahmet Yildiz Qora dengizda savdo kemalari qatnovi xavfsizligini ta’minlash, shuningdek, oziq - ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining uzluksiz yetkazib berilishini kafolatlashga qaratilgan samarali mexanizmni ishlab chiqish ustida ish olib borayotganlarini ma’lum qildi.

Yildiz dushanba kuni «Ukrainaning tinchligi va xavfsizligini saqlash» mavzusida o‘tkazilgan BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida quyidagilarni ta’kidladi:

«Ayni paytda Qora dengizda savdo kemalari qatnovi xavfsizligini ta’minlash, oziq - ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining uzluksiz oqimini kafolatlashga qaratilgan samarali mexanizmni ishlab chiqish ustida ishlayapmiz»

Yildiz, shuningdek, «Qora dengiz don tashabbusi doirasida orttirgan tajribamizdan kelib chiqib, bunday mexanizm, ayniqsa, ushbu mahsulotlarga eng ko‘p bog‘liq bo‘lgan mamlakatlar uchun barcha tomonlarning manfaatlariga xizmat qilishiga ishonamiz», - degan ifodalarga o‘rin berdi.

Istanbulda imzolangan don kelishuvi

Qora dengiz don tashabbusi 2022 - yilning 22 - iyuli kuni Istanbulda Rossiya, Ukraina, Turkiya va BMT tomonidan imzolangan edi.

Kelishuv Ukraina tomonidan belgilangan portlardan xavfsiz gumanitar dengiz yo‘lagini ochish orqali urush tufayli to‘xtab qolgan hayotiy ahamiyatga ega don, oziq - ovqat va o‘g‘it eksportini qayta tiklash imkonini bergan edi.

Tashabbus urush bosimining Qora dengizga yoyilishining oldini olishga qaratilgan barqaror mexanizm ekanini yodga solgan Yildiz, Turkiya Qora dengizda doimiy barqarorlikni ta’minlash uchun o‘zining geosiyosiy mavqei, ochiq aloqa kanallari va diplomatik vositachilik tajribasidan foydalanishini ta’kidladi.

Yildiz Turkiya urushning ilk kunlaridan buyon Qora dengizdagi barqarorlikni saqlash uchun tinimsiz harakat qilayotganini bildirdi. U qurolli mojaro davrida urushayotgan tomonlarning harbiy kemalari uchun Turk bo‘g‘ozlarini yopish vakolatini beruvchi Montryo konvensiyasining 19 - moddasi qo‘llanilishini bunga misol sifatida keltirdi.

Yildiz Turkiya konvensiyani uning barcha qoidalariga qat’iy rioya qilgan holda, xolisona amalga oshirgani va bundan keyin ham shu tartibda davom etishini ta’kidladi.

Turkiya Qora dengizdagi eng uzun sohil chizig‘iga ega mamlakat ekanini yodga solgan Yildiz, mintaqaviy hamkorlikning aniq natijalar berayotganiga misol sifatida qirg‘oqbo‘yi mamlakatlari Ruminiya va Bolgariya bilan birgalikda tashkil etilgan «Qora dengiz minalariga qarshi kurashish bo‘yicha tezkor guruh»ni keltirdi.

Turkiyaning Ukraina mustaqilligi va hududiy yaxlitligini qat’iy qo‘llab - quvvatlashini yana bir bor ta’kidlagan Yildiz, muzokaralar orqali erishiladigan yechim Ukrainada tinchlikka olib boradigan yagona maqbul yo‘l ekanini bildirdi.