Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an yaqin mintaqada davom etayotgan inqirozlar “Turk dunyosining hamjihatlikda harakat qilishi strategik jihatdan naqadar muhim ekanini yana bir bor namoyon etganini” ta’kidladi.
Prezident Erdo‘g‘an juma kuni Qozog‘istonning Turkiston shahrida bo‘lib o‘tgan Turk Davlatlari Tashkiloti (TDT) Norasmiy sammitida so‘zga chiqib, “Falastin, Livan, Eron, Ukraina va boshqa ko‘plab inqirozlar mudofaa salohiyatimizni mustahkamlashimiz hamda sanoat sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishimiz zarurligini ko‘rsatmoqda”, dedi.
Erdo‘g‘an Turkiyaning navbatdagi raisligi davrida Turk Davlatlari Tashkiloti doirasida kiberxavfsizlik sohasidagi muvofiqlashtirish va hamkorlikni yanada yuqori bosqichga olib chiqishni maqsad qilganini bildirdi. Unga ko‘ra, bugungi dunyoda kiberxavfsizlik quruqlik, havo va dengiz xavfsizligi kabi hayotiy ahamiyatga ega bo‘lib bormoqda.
Prezident Erdo‘g‘an, shuningdek, Turk dunyosining Shimoliy Kipr Turk Respublikasi bilan siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalarni mustahkam holda davom ettirishini istashini bildirdi.
Madaniy va raqamli hamkorlik masalasiga ham to‘xtalgan Erdo‘g‘an, Umumiy Turk Alifbosining ta’lim, madaniyat, akademik hamkorlik va raqamli transformatsiya kabi keng sohalarda qo‘llanishi muhim ekanini qayd etdi.
Erdo‘g‘an bu borada “Umumiy tilimiz boyligini raqamli dunyoda namoyon etadigan Turk Tili Modeli va shunga o‘xshash sun’iy intellektga asoslangan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashimiz kerak deb hisoblaymiz”, dedi.


















