Qo‘shni davlatlar o‘rtasidagi adovatni tugatishi lozim bo‘lgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvidan bir yil o‘tgan bo‘lsa-da, Isroil Hizbulloh infratuzilmasini nishonga olayotganini da’vo qilmoqda.
Davlat OAVlarida xabar berilishicha, Isroil juma kuni Livanning janubi va sharqiy hududlariga hujum uyushtirdi. Isroil armiyasi esa, o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvidan bir yil o‘tganiga qaramay amalga oshirilgan so‘nggi hujumlar Hizbulloh pozitsiyalariga qaratilganini bildirdi.
Livanga qarashli Milliy Axborot Agentligi (NNA) chegaradan taxminan 30 kilometr ichkarigacha cho‘zilgan, qariyb o‘nlab nuqtalarda hujumlar bo‘lganini, ayrim paytlarda “kuchli reydlar” amalga oshirilganini ma’lum qildi.
Isroil 2024 yil noyabr oyida imzolangan, Hizbulloh bilan bir yildan ortiq davom etgan to‘qnashuvlarni tugatishni ko‘zlagan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga qaramay, Livanga qarshi hujumlarni davom ettirdi. Shuningdek, strategik ahamiyatga ega deb hisoblangan besh hududda o‘z askarlarini saqlab qolmoqda.
Isroil armiyasi bergan bayonotda, Isroil kuchlari Hizbullohning elita Radvan bo‘linmasi jangchilari “otish mashg‘ulotlari va turli qurol turlaridan foydalanish bo‘yicha qo‘shimcha tayyorgarlikdan o‘tayotgani” iddao qilingan “tayyorlov va malaka oshirish kampusi”ga hujum qilganini bildirdi.
Bayonotga ko‘ra, armiya Livan janubidagi bir necha hududda Hizbullohga tegishli qo‘shimcha harbiy infratuzilma obyektlarini ham nishonga olgan.
Davom etayotgan hujumlar
O‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga binoan, Hizbulloh kuchlarini Litani daryosining shimoliga, Isroil chegarasidan taxminan 30 kilometr uzoqlikka olib chiqishi va u yerdagi harbiy infratuzilmani tugatishi kerak edi.
Juma kuni zarba berilgan hududlar asosan daryoning shimolida joylashgan.
Isroil esa, eng ko‘pi bilan 60 kun ichida Moviy chiziqning janubiga chekinishga va’da bergan edi.
Hafta boshida ham Isroil Livan janubida bir qator hujumlar uyushtirib, Hizbullohga tegishli o‘quv markazi va boshqa nishonlarni urganini iddao qilgan edi.
Livan Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, 2024 yil noyabr oyida o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi kuchga kirganidan buyon amalga oshirilgan 1 ming 38 ta Isroil hujumida kamida 335 kishi halok bo‘lgan, 973 kishi esa jarohatlangan.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Tinchlikparvar kuchlari (UNIFIL) esa, o‘tgan yilgi kelishuvdan buyon Isroil tomonidan 10 mingdan ortiq havo va quruqlikdagi qonunbuzarlik holati qayd etilganini bildirdi.










